O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi yurtimizda keng nishonlanmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Asosiy qonunimiz — “inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi” bo‘lib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevorini yaratmoqda. Bugun yangilangan Konstitutsiya nafaqat huquqiy tizimni modernizatsiya qildi, balki fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda, xususan, ommaviy axborot vositalarining erkin va faol ishlashi uchun keng imkoniyatlar ochib berdi.
Bugungi kunda jamiyat hayotining barcha jabhalarida ochiqlik, shaffoflik va tezkor axborot almashinuvi ustuvor masalaga aylangan bir paytda, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar OAV xodimlari va jurnalistlarning huquqiy maqomini yanada mustahkamladi. Bu esa Prezidentimiz ta’kidlaganidek, davlatning xalq oldidagi mas’uliyatini oshirib, erkin fikr va jamoatchilik nazoratining yanada samarali bo‘lishiga xizmat qiladi.
Avvalgi konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” nomli bobi bitta moddadan iborat edi. Unda shunday deyilgandi: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”. Yangi konstitutsiyaga ko‘ra, bu bob ikkita moddadan iborat bo‘ldi:
- 81-modda:
Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar.
Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.
Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.
- 82-modda:
Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi o‘rnini aniq belgilab berishi bilan birga, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat kafolatlarini ham kuchaytirdi. Endilikda axborot izlash, olish va tarqatish imkoniyati konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangani, jurnalistlarning huquqiy himoyasi yanada kuchaytirilgani hamda senzuraning mutlaq taqiqlangani — demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Mazkur normalar nafaqat OAV vakillarining kasbiy faoliyatini erkin bajarishiga sharoit yaratadi, balki jamiyatning haqqoniy, ishonchli va xolis axborotga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli qondirishga xizmat qiladi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida ommaviy axborot vositalari davlat va jamiyat o‘rtasidagi ochiq muloqotni ta’minlovchi asosiy ko‘prik sifatida e’tirof etilmoqda. Konstitutsiyada mustahkamlangan kafolatlar OAVning erkin rivojlanishi, jurnalistlarning o‘z kasbiy vazifalarini qo‘rqmasdan bajarishi hamda axborot siyosatida ochiqlik va ochiq fikrlilik tamoyillarining ustuvor bo‘lishiga xizmat qiladi. Bu esa demokratik islohotlarning izchil davom etishiga, jamiyatda sog‘lom fikr, jamoatchilik faolligini shakllanishiga mustahkam zamin yaratadi.
Shu bois bugun Konstitutsiya qabul qilinganining 33 yilligini nishonlar ekanmiz, yangilangan Asosiy qonunimizda ommaviy axborot vositalariga berilgan e’tibor — nafaqat jurnalistlar uchun, balki butun jamiyatimiz uchun katta demokratik yutuqdir. Bu yutuq kelajakda O‘zbekistonning ochiq, mustahkam va erkin axborot makoniga ega bo‘lgan demokratik davlat sifatida rivojlanishda davom etishini anglatadi.
Komilxo‘ja Otavalixo‘jayev
Axborot-siyosati masalalari bo‘yicha
rektor maslahatchisi, universitet matbuot kotibi