JAHONGA YUZ TUTAYOTGAN YURT
- Homepage
- Information service
- Munosabat
- JAHONGA YUZ TUT...
- 13.06.2025
- 09:22
- 508

Bugun qalblarimizda faxr va shukronalik, ko‘zlarimizda esa quvonch yoshlari jo‘sh urmoqda. Butun bir xalq, butun bir Vatan yigitlarining mashaqqatli mehnati, sadoqati va matonati evaziga o‘z mevasini berdi — O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi!
Bu nafaqat sportda, balki butun jamiyat hayotida muhim burilish, tarixiy hodisadir. Bu — Vatanimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan izchil islohotlarning, yoshlarga bo‘lgan e’tibor va ishonchning yorqin samarasidir.
Namangan Davlat Universiteti jamoasi nomidan aytmoqchimizki, ushbu zafar — butun xalqimizning umumiy g‘alabasidir. Yurt bayrog‘ini yelkasida ko‘tarib yurgan yoshlarimizning har bir harakati, har bir urilgan goli, maydonda oqib tushgan har bir ter tomchisi ortida millionlab yuraklar urib turibdi.
Ular orqali jahonga — bizning madaniyatimiz, tarbiyamiz, intilishimiz va orzu-umidlarimiz bo‘y ko‘rsatmoqda.
Yurtboshimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, sport sohasiga bo‘lgan e’tibor, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan siyosat natijasidir bu yutuq.
Universitetimizda tahsil olayotgan har bir talabamiz, ayni damda sportchilarimizga qarab, o‘z orzularining ham haqiqatga aylanishiga ishonmoqda.
Bu zafar – ilm ahli uchun ham ilhom manbai bo‘ldi. Chunki sport va ilm — bir-birini to‘ldiradigan ikki kuchdir. Muvaffaqiyatli sportchilarimiz bugungi yoshlar uchun ideal, ilmli avlod esa ertangi O‘zbekistonning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Endi dunyo O‘zbekiston haqida boshqacha gapiradi. Endi futbol maydonlarida O‘zbekiston bayrog‘i hilpiraydi, madhiyamiz yangraydi. Bu — bizning o‘zligimiz, g‘ururimiz, kelajakka bo‘lgan dadil qadamimizdir.
Biz, Namangan davlat universiteti jamoasi, futbolchilarimizga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Ularning fidoyiligi har bir yosh yurakda Vatanga muhabbat, sadoqat va ishonch tuyg‘usini mustahkamlaydi.
O‘zbekiston jahon sari, orzular sari yuz tutmoqda! Yashasin yurtimiz, yashasin xalqimiz, yashasin jahon maydonida bayrog‘imizni baland tutgan jasur yigitlarimiz!
Haydaraliyev Shuhratjon
Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani