Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz ziyolilari bilan o‘tgan muloqotida dolzarb mavzular va vazifalar xususida so‘z bordi. Videomuloqot tarzidagi uchrashuvdan ta’lim sifatini oshirish, yoshlar bilan ishlash natijadorligini yanada oshirish, ularga yanada keng imkoniyatlar yaratish borasida o‘zimizga ko‘p tavsiyalar oldik.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishdagi nutqida so‘nggi sakkiz yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani, yalpi ichki mahsulot hajmi yil yakunigacha 130 milliard dollarga yetishini qayd etdi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishdagi nutqida so‘nggi sakkiz yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani, yalpi ichki mahsulot hajmi yil yakunigacha 130 milliard dollarga yetishini qayd etdi.
So‘nggi yillarda, ayniqsa, oliy ta’lim qamrovi jadal oshdi. Oliy o‘quv muassasalari soni 77 tadan 202 taga, jami talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetdi. Bu mamlakatimizda oliy ta’lim son jihatdan yangi bosqichga olib chiqilganini bildiradi.
Yangi industrial davr – "to‘rtinchi sanoat inqilobi"ni amalga oshirish uchun dunyoda "texnologik minerallar"ga talab bir necha karra ko‘paymoqda. Tahlillarga ko‘ra, dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zaxiralarining 10-15 foizi mintaqamizga to‘g‘ri keladi. Ushbu ulkan resurslarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun bizga eng avvalo ilm, bilim va innovatsiya kerak.
Shuning uchun ilm-fan va biznes vakillarini uchrashtirib, manfaatli hamkorlikda ishlaydigan tizim tashkil etilishi aytildi. Ixtirolarning tajriba-sinov ishlari xarajatlarini qoplashga qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Ixtirochilar o‘rtasida to‘qqizta yo‘nalishda o‘tkazilgan tanlov g‘oliblariga elektromobil berildi. Ikkinchi o‘rin sohiblari xorijga stajirovkaga yuboriladi, uchinchi o‘rinni egallaganlar esa pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Endi bunday tanlovlar oliy ta’limning har bir yo‘nalishida, o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida ham o‘tkazilishi e’lon qilindi.
Oliy o‘quv yurtlarida xorijiy TOP-500 talik universitetlar bilan hamkorlikda axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, tibbiyot, "yashil" energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. TOP-100 talikka kirgan universitetlar filiallari ochiladi.
Prezidentimiz ustoz va murabbiylarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ham qator tashabbuslarni bildirdi.
15-yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi.
Kelasi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining shartnomasi summasiga 30 foiz chegirma beriladi.
O‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.
Kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi.
Fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanadi.
Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi.
Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.
Davlatimiz rahbari so‘zining boshida bu uchrashuvdan mamnun ekanini ta’kidlab, yoshlarni xalqimizning oltin fondi, deb atagani biz yoshlarni yanada ruhlantirdi.
So‘ngi yillarda yurtimizda ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni ham 2 karra ko‘payib, 4 ming nafardan oshgani, reytingi yuqori xalqaro universitetlarda ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10-yil muddatga 800 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilishi haqidagi takliflari yosh olim sifatida meni yanada ruhlantirdi.
Aslida bu sa’y-harakatlardan katta natijalar kutilgan. Ziyolilarimiz, Prezident siyosati hamda davlatning kuch-qudratini his qilmoqda. Bu ziyolilar mutlaqo boshqa dunyo, axborot asrining farzandi. Ularning taklif va tashabbuslari ham tezkor asrimizga hamohang.
Asosiysi, ziyolilarimizda yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi jo‘sh urib turibdi, ularning barchasi muhtasham kelajak poydevoriga bir g‘isht qo‘yishni orzu qiladi. Shu tufayli bu galgi muloqotda esa orzu-umidi bir nihol kabi bo‘y ko‘rsatayotgan o‘g‘il-qizlarning taqdiri Prezidentimizning e’tiborida ekani ziyolilarimiz qalbiga g‘urur va shijoat bag‘ishlaydi.
Nodirbek Kodirov.
Tibbiyot fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari,
Falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent