Qadrli talaba-yoshlar! Hurmatli ota-onalar va muhtaram ustozlar!
Bugungi murakkab zamonda jamiyatimizning mustahkamligi, Vatanimizning ertangi kuni siz — aziz yoshlarning qo‘lida. Shuning uchun biz yoshlar tarbiyasi, ularning sog‘lom hayot tarzi, to‘g‘ri qarorlar qabul qilishi va ma’naviy barkamol bo‘lib voyaga yetishini eng ustuvor vazifa deb bilamiz.
So‘nggi yillarda dunyo miqyosida xavfli illat — giyohvandlik va unga bog‘liq jinoyatlarning avj olishi hammamizni tashvishga solmoqda. Ming afsuski, mamlakatimizda ham ayrim yoshlar bilib yoki bilmay, vaqtinchalik “zavq” yoki oson boylik ilinjida shu baloga yaqinlashib, o‘z hayoti va kelajagini xavf ostiga qo‘ymoqda.
Aziz talaba-yoshlar!
Siz – bilimga tashna, taraqqiyotga intilayotgan, orzu va maqsadlari ulkan avlodsiz! Shuni hech qachon unutmang — “bir marta sinab ko‘raman” degan o‘y ko‘plab yoshlarning jamiyatdan uzilishiga, orzularidan mosuvo bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
Giyohvandlik — bu hayotni yemiruvchi zahar, insonning aqlini, salomatligini, kelajakdagi oilasini, jamiyatdagi o‘rnini barbod qiladigan ofatdir. Sizdagi kuchli iroda, sog‘lom fikr va maqsadga sadoqat bu balolardan ming chandon ustun! Qiziquvchanlik qilib giyohvandlik domiga tushib qolmang.
Hurmatli ota-onalar!
Ota-ona uchun farzand – hamisha yosh bola. Shu bois unga doimo gʻamxoʻrlik qiladi, asrab-avaylaydi. Tarbiyada ham, nazoratda ham, eʼtiborda ham masʼuliyatli boʻlganlarning farzandlari yuqori choʻqqilarni koʻzlaydilar. Biz ham ulardek boʻlaylik. Bolamizning doʻstiga aylanaylik. Toʻgʻri yoʻlga boshlaylik. Doʻstlari kim, nimalar bilan mashgʻul – bilib qoʻyaylik. Hayotga boʻlgan ishonchini oshiraylik. Giyohvandlik balosidan asraylik.
Muhtaram ustozlar va universitet jamoasi!
Bugun yosh avlod tarbiyasida Sizning o‘rningiz beqiyos.
Har bir dars, har bir suhbat, har bir maslahat — talabaning hayotida katta iz qoldiradi. Shuning uchun giyohvandlikning zarari, sog‘lom turmush tarzining ustuvorligi haqida yoshlar ongiga yanada ko‘proq singdirishimiz zarur.
Bizning vazifamiz — nafaqat bilim berish, balki farzandlarimizni hayotning sinovlaridan omon olib o‘tishdir.
Unutmang!
Bugun barchamiz — talaba, ota-ona, ustoz, mahalla, jamiyat birlashishimiz kerak. Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurash — nafaqat huquq-tartibot organlarining vazifasi, balki har bir ongli fuqaroning burchidir.
Namangan davlat universitetining ertangi kunini yaratuvchilar — sizlarsiz! O‘zbekistonning ertangi kuni ham sizning sog‘lom tanlovlaringiz, ongli qarorlaringiz va halol hayotingizga bog‘liq.
Keling, birlashaylik! Bir-birimizni asraylik! O‘zbekistonning kelajagi tinch, sog‘lom va porloq bo‘lishi — bugungi hamjihatligimiz va qat’iy harakatimizga bog‘liq.