Assalomu alaykum, qadrli ustozlar, aziz talabalar va hurmatli hamkasblar!
Sizlarni 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Asosiy qonunimiz yurtimizda inson huquq va erkinliklarini, tinchlik va barqarorlikni, birlik va hamjihatlikni ta’minlaydigan mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yangilangan konstitutsiyamizda belgilangan demokratik tamoyillar, davlat va jamiyat boshqaruvidagi oshkoralik, xalq vakilligining kuchayishi, sud-huquq tizimining mustahkamlanishi hamda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar bugun yangi bosqichga ko‘tarildi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan bu yilgi bayram tadbirlari ushbu yo‘nalishlarda erishilgan natijalarni yanada chuqur tahlil etish va kelgusi dolzarb vazifalarni belgilashga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda barcha sohalarda, jumladan, ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar Konstitutsiyamizda belgilangan ijtimoiy majburiyatlarning amaldagi ifodasidir. Aholi farovonligining oshishi, yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratilishi, ilm-fan va innovatsiyaga e’tiborning kuchayishi — bu natijalar insonparvar va xalqparvar siyosatning samarasi ekanini ko‘rsatmoqda.
Namangan davlat universiteti jamoasi ham bosh qomusimizda belgilangan maqsad va tamoyillarni amaliyotga izchil tatbiq etib kelmoqda. Universitetimizda ta’lim sifati, ilmiy-tadqiqot faoliyati, innovatsion yondashuvlar, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Muhtaram hamkasblar va aziz talabalar!
Konstitutsiya – bu davlatimizning eng ulug‘ qadriyati, milliy g‘ururimiz va mustaqilligimiz timsolidir. Har birimiz Asosiy qonunimizda belgilangan normalarni chuqur o‘rganish, unga sodiq bo‘lish va uni hayotimizning amaliy mezoniga aylantirish orqali Vatan ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lidagi mas’uliyatli vazifamizni sharaf bilan ado etishimiz lozim.
Ushbu qutlug‘ bayram bilan barchangizni yana bir bor samimiy tabriklar ekanman, Sizlarga mustahkam sog‘liq, tinchlik, xonadonlaringizga farovonlik, faoliyatingizda esa ulkan zafarlar tilayman.
Konstitutsiyamiz va bunyodkor xalqimiz doimo barhayot bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Namangan davlat universiteti rektori
Qirg‘izboyev Abdug‘affor Karimjanovich