Talabalar bilan ochiq va samimiy muloqotlar o‘tkazish, ularning fikr-mulohazalarini eshitish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash Namangan davlat universiteti faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda universitet rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyev Biotexnologiya fakulteti talaba-yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda soha prorektorlari, fakultet rahbariyati, yoshlar yetakchilari hamda faol talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida fakultet talaba-yoshlari tomonidan joriy o‘quv yili davomida amalga oshirilgan ilmiy loyihalar, erishilgan yutuqlar, tashabbuslar, shuningdek, kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Alohida ta’kidlash joizki, talaba-yoshlar uchrashuvda universitet hududida innovatsion maydon (innovatsion hudud) tashkil etish bo‘yicha muhim taklif bildirdilar. Mazkur tashabbus talabalarning ilmiy izlanishlari, startap loyihalari va tajriba-sinov ishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani e’tirof etildi.
Rektor ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, mas’ullarga zarur texnik va tashkiliy choralarni ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Ushbu innovatsion hudud kelgusida talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida universitet rahbari talabalarning faolligi, tashabbuskorligi va yangi g‘oyalarni ilgari surayotganini yuqori baholab, ular uchun barcha imkoniyatlar yaratishda davom etilishini ta’kidladi.