Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahrida joylashgan Qirg‘iz–O‘zbek xalqaro universiteti va Namangan davlat universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida universitetimizning Biotexnologiya, Fizika-matematika va Tabiiy fanlar fakultetlarining bir guruh talabalari ushbu oliygohda akademik mobillik dasturida ishtirok etmoqda.
Akademik mobillik davomida talabalar Qirg‘iz–O‘zbek xalqaro universitetining biologiya, kimyo va fizika yo‘nalishlari bo‘yicha yetakchi professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilayotgan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarda faol ishtirok etib, bilimlarini boyitmoqda.
Ushbu jarayon nafaqat nazariy bilimlarni boyitish, balki ilmiy-tadqiqot kompetensiyalarini rivojlantirish, fanlarning zamonaviy yondashuvlari bilan yaqindan tanishish imkonini bermoqda.
Akademik mobillik dasturi ikki oliygoh o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikning amaliy natijasi bo‘lib, yoshlarning xalqaro tajriba orttirishida muhim o‘rin tutmoqda.