Universitet rektori Yuridik fakulteti talabalari bilan uchrashdi

Namangan davlat universiteti rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyev Yuridik fakulteti talaba-yoshlari bilan navbatdagi ochiq muloqotni o‘tkazdi.

Uchrashuvda soha prorektorlari, fakultet rahbariyati, yoshlar yetakchilari hamda faol talabalar ishtirok etdilar. Uchrashuvning asosiy maqsadi — fakultetda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini baholash, talabalar ehtiyojlari va takliflarini o‘rganish, kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilashdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida talabalar joriy yilda erishilgan ilmiy natijalar, ijodiy tashabbuslar hamda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi loyihalar haqida ma’lumot berib, o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Yig‘ilishda ayniqsa ta’lim jarayonini amaliyot bilan yanada integratsiya qilish masalasi alohida e’tibor qozondi. Talabalar nazariy bilimlarni mustahkamlash va kasbiy tayyorgarlikni kuchaytirish maqsadida fakultetda zamonaviy sud zali hamda kriminalistik laboratoriya tashkil etish taklifini ilgari surdilar.

Universitet rektori ushbu tashabbusni ijobiy baholab, huquqshunoslik sohasida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun muhim omil ekanini ta’kidladi. Ushbu yo‘nalishda tegishli ishlarni jadallashtirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Uchrashuv ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tdi. Talabalar o‘z g‘oya va takliflarini bemalol bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, fakultet rivojiga oid qator dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi. Shu tarzda uchrashuv Yuridik fakultetda ta’lim sifatini oshirish, talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning kasbiy shakllanishini kuchaytirishga xizmat qiluvchi muhim maydonga aylandi.

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image