Namangan davlat universiteti rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyev Iqtisodiyot fakulteti talaba-yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda soha prorektorlari, fakultet rahbariyati, yoshlar yetakchilari hamda faol talabalar ishtirok etdi.
Muloqot davomida joriy yilda fakultetda amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar, ijodiy tashabbuslar, ma’naviy-ma’rifiy loyihalar, ularning natijalari hamda 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar batafsil muhokama qilindi. Talabalar o‘z tashabbuslari, yangi g‘oyalari, fakultet rivojiga qaratilgan takliflari bilan o‘rtoqlashdilar.
Iqtisodiyot fakulteti xalqaro hamkorlik yo‘nalishida ham izchil faoliyat olib bormoqda. Xususan, Avstriyaning “Krems” universiteti, Janubiy Koreyaning “Geong Sang”, Malayziyaning “Utara” universiteti hamda Qirg‘izistonning Qirg‘iz–O‘zbek xalqaro universiteti bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qo‘shma ta’lim dasturlari va almashinuv loyihalari bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda.
2025–2026 o‘quv yilida fakultetning 6 nafar iqtidorli talabasi “Exchange” dasturi doirasida xalqaro talaba almashinuvi grantini qo‘lga kiritdi. Ular mart oyidan boshlab bir semestr davomida Malayziyaning “Utara” universitetida tahsil olib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha zamonaviy bilim va tajribani egallab qaytadilar.
Universitet rahbari ushbu talabalarni muvaffaqiyatlari bilan tabriklab, bazaviy stipendiyaning besh barobari miqdorida rag‘batlantirish hamda tashakkurnoma topshirdi.
“Bugungi global raqobat sharoitida bilimli, tashabbuskor va bunyodkor yoshlar – universitetimizning eng katta boyligidir. Sizlarning xalqaro dasturlarda ishtirok etishingiz nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki fakultet va universitetimiz uchun ham yuksak natijadir. Chet elda olgan bilim va ko‘nikmalaringizni yurtimiz ravnaqi yo‘lida qo‘llashlaringizga ishonaman. Har biringizning muvaffaqiyatingiz biz uchun faxrdir.” — Abdugʻaffor Qirgʻizboyev.
Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar universitetda yaratilayotgan shart-sharoitlar, ko‘mak va e’tibor uchun minnatdorlik bildirdilar hamda kelgusida yanada yuqori natijalarni qo‘lga kiritishga intilishni davom ettirishlarini ta’kidladilar.