Namangan davlat universiteti Tabiiy fanlar fakulteti tomonidan talabalar innovatsion salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning mustaqil ta’lim jarayonidagi faol ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida “Geoinnovator” klubining 2-forumi doirasida navbatdagi ko‘rgazma tashkil etildi.
Tadbirda universitet rektori maslahatchisi B. Talapov, fakultet dekani A. Rasulov, “Geoinnovator” klubi rahbari I. Soliyev, fakultet professor-o‘qituvchilari, tyutorlar hamda faol talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi — talabalar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy-ijodiy g‘oyalarini amaliyotga joriy etish hamda mustaqil ta’lim shaklining samaradorligini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Ushbu ko‘rgazmada 40 nafardan ortiq talabalar tomonidan tayyorlangan 50 dan ziyod ilmiy-innovatsion ishlanmalar, ijodiy g‘oyalar va amaliy tashabbuslar keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Taqdim etilgan loyihalar geoinformatika, ekologiya, geologiya, biotexnologiya, raqamli tahlil kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Forum doirasida ekspertlar tomonidan har bir loyiha mazmuni, ilmiy yangiligi, amaliy ahamiyati va qo‘llanish imkoniyatlari bo‘yicha baholandi. Tadbir yakunida eng yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar 1-, 2- va 3-o‘rinlar bilan taqdirlanib, diplomlar topshirildi. Shuningdek, yo‘nalishlar kesimida eng yaxshi deb topilgan taqdimotlar mualliflariga tashakkurnomalar taqdim etildi.
Tadbir talabalar o‘rtasida innovatsion fikrlashni rivojlantirish, ularni ilm-fanga kengroq jalb etish hamda ijodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi izchil ishlarning yana bir amaliy ko‘rinishiga aylandi.