Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Tibbiyot fakulteti talaba-yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda soha prorektorlari, fakultet rahbariyati, yoshlar yetakchilari hamda faol talabalar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida joriy yilda fakultetda amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar, ijodiy tashabbuslar, ma’naviy-ma’rifiy loyihalar va ularning samaralari, shuningdek 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Talabalar o‘z tashabbuslari, yangi g‘oyalari va fakultet rivojiga qaratilgan takliflarini bildirdilar.
Uchrashuv davomida Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Samarqand–2020” VI Xalqaro tibbiyot olimpiadasida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan talabalarga rektor tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Tibbiyot — bu eng oliy mas’uliyat talab qiladigan soha. Shifokorning bir qarori, bir harakati, hatto bir lahzalik e’tiborsizligi ham inson taqdiriga bevosita ta’sir etadi. Shuning uchun tibbiyot xodimining xato qilishga haqqi yo‘q. Sizlar ertangi kunda bemorlarning hayoti, sog‘lig‘i, baxti uchun mas’ul bo‘lasiz. Har biringiz bugundan boshlab o‘zingizni ulkan javobgarlik egasi sifatida tarbiyalashingiz, doim izlanishda bo‘lishingiz, yetuk mutaxassis sifatida shakllanishingiz zarur. Bizning eng katta maqsadimiz — xalqimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan, bilimli, malakali va vijdonli shifokorlarni tayyorlashdir...— dedi Abdugʻaffor Qirgʻizboyev.”
Uchrashuv samimiy muloqot ruhida o‘tib, talabalarga kuchli motivatsiya, yangi maqsadlar va istiqbol rejalari bilan yakunlandi.