Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Anjumanlar zalida Fizika-matematika fakulteti talaba-yoshlari bilan ochiq va samimiy uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvda universitetning soha prorektorlari, fakultet rahbariyati, yoshlar yetakchilari hamda bilim va ijtimoiy faolligi bilan ajralib turgan talabalar faol ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida joriy yilda fakultetda amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, ijodiy tashabbuslar, ma’naviy-ma’rifiy loyihalar hamda ularning erishilgan samaralari atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar, ta’lim sifatini oshirish, ilm-fanni rivojlantirish va talabalar salohiyatini yanada kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Talabalar o‘z tashabbuslari, ilg‘or g‘oyalari hamda fakultet taraqqiyotiga qaratilgan aniq takliflarini bildirdilar.
Uchrashuvda universitet rektori Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 21-oktabr kuni o‘tkazilgan davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan muhim tashabbuslar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Rektor talaba-yoshlarning zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni mukammal egallashi, sun’iy intellekt texnologiyalarini puxta o‘rganishi, ilmiy-tadqiqot faoliyatida faol ishtirok etishi hamda kelgusida raqobatbardosh mutaxassislar sifatida shakllanishi muhim ekanini ta’kidladi.
“Bugungi kunda ta’lim muassasalari oldida turgan eng muhim vazifa — zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan, kreativ fikrlaydigan va raqamli texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan mutaxassislarni tayyorlashdir. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalari barcha sohalarga jadal kirib kelayotgan bir paytda, siz — fizika-matematika fakulteti talabalari — bu jarayonlarning markazida bo‘lishingiz zarur. Ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanish, yangi g‘oyalar ustida ishlash va amaliy natijalarga erishish orqali sizlar nafaqat universitetimiz, balki mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shasiz.” — dedi Abdug‘affor Qirg‘izboyev.