Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Anjumanlar zalida Tabiiy fanlar fakulteti talaba-yoshlari bilan ochiq va samimiy uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur tadbirda universitetning soha prorektorlari, fakultet rahbariyati, yoshlar yetakchilari hamda talabalar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida joriy yilda fakultetda amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, ijodiy tashabbuslar, ma’naviy-ma’rifiy loyihalar hamda ularning erishilgan natijalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar, ta’lim sifatini oshirish, ilm-fanni rivojlantirish hamda talabalar salohiyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuvda universitetda o‘tkazilgan “Talabalar teatr studiyasi” respublika ko‘rik-tanlovining universitet bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan fakultetning “Osmondagi bolalar” jamoasi hamda bugun tavallud kunini nishonlayotgan Xusanboyeva Feruza universitet rektori tomonidan tabriklandi va ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Talabalar tomonidan universitet hududida amaliy laboratoriya tajribalarini kuchaytirish, dala va eksperimental ishlarni kengaytirish imkonini beruvchi geografik maydoncha tashkil qilish bo‘yicha taklif bildirildi. Universitet rektori bu tashabbusning muhimligini ta’kidlab, bunday maydonchaning tashkil etilishi fakultet talabalari uchun ilmiy izlanishlarni kengaytirish va amaliy ko‘nikmalarni oshirishda zarur ekanini aytdi. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda tegishli ishlarni jadallashtirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Uchrashuvda universitet rektori bugungi kunda kuzatilayotgan global iqlim o‘zgarishlari, kimyo sanoatining jadal rivojlanib borayotgani hamda ushbu jarayonlarda Tabiiy fanlar fakulteti talabalarining faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Rektor mazkur yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlarni kengaytirish, amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish va zamonaviy yondashuvlar asosida mutaxassislar tayyorlash dolzarb vazifa ekanini qayd etdi.
“Hozirgi kunda tabiat bilan jamiyat o‘rtasidagi muvozanat masalalari har qachongidan dolzarb ahamiyatga ega. Iqlim o‘zgarishlari, ekologik xavflar va kimyo sanoatidagi yangilanishlar ekologlar, metrolog, geograf hamda kimyogarlardan chuqur bilim, mas’uliyat va ilmiy yondashuvni talab qilmoqda. Shuning uchun, Tabiiy fanlar fakulteti talabalari sifatida sizlar dala va laboratoriya tadqiqotlarini kengaytirish, hamda ilmiy natijalarni amaliy ishlar bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratishingiz muhimdir. Sizlarning izlanishlaringiz barqaror rivojlanish va atrof-muhit muhofazasiga bevosita hissa qo‘shadi.” — dedi Abdug‘affor Qirg‘izboyev
Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar universitetda yaratilayotgan shart-sharoitlar, ko‘mak va e’tibor uchun minnatdorlik bildirdilar hamda kelgusida yanada yuqori natijalarni qo‘lga kiritishga intilishni davom ettirishlarini ta’kidladilar.