Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ayni kunlarda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari talabalari va umumta’lim maktablarining o‘quvchilarini kitob mutolaasiga jalb qilish, ularning badiiy savodxonligini oshirish maqsadida “Ma’rifat ulashib” loyihasi o‘tkazilmoqda.
Namangan davlat universitetiga biriktirilgan taniqli ijodkorlar, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov, shoir va jurnalist Nabi Jaloliddin, “Tong yulduzi” gazetasi bo‘lim muharriri Axtamqul Karimov oliygohning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, professor Narimon Dehqonov hamrohligida talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Adiblar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilgan “Ekobog‘” hududida bo‘lib, uning o‘ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi va ko‘chatlar ekishdi.
Universitetda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, mutolaa madaniyatini shakllantirish, faol talabalarni rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar va ularning natijalari mehmonlarda yaxshi taassurot uyg‘otdi.
Oliy o‘quv yurtida 2023 yildan buyon har hafta “Bir haftada bir kitob” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. Shu kunga qadar loyihaning 49 ta soni o‘tkazildi va unda 15 mingdan ziyod talaba ishtirok etdi. 343 talaba esa g‘olib-sovrindorlar qatoridan joy olib, universitetning “Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” tomonidan jami 30,3 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Faollar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Nurboy Jabborov, Nabi Jaloliddin va Axtamqul Karimov mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan adabiyotga, ma’naviyatga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritib, adabiyot va ma’rifat millatni yuksaklarga ko‘tarishini alohida ta’kidladi. Jadid bobolarimiz maqsadi, harakati, shijoati, yurt uchun qilgan fidokorligi haqida ta’sirchan fikrlar bayon etildi.Binobarin, ilm, ziyo, ma’naviyat unib-o‘sgan joyda milliy qadriyatlar hech qachon zavol topmaydi.
Ochiq, samimiy va mulohazalarga boy o‘tgan suhbatlar jarayonida mehmonlar o‘z ijodidan namunalar o‘qib berdi. Talabalarning she’riy mashqlari ham tinglandi. Iqtidorli, faol va ijodkor yoshlarga badiiy kitoblar tuhfa qilindi.
– Ochig‘i, shunday adabiy gurunglarni kutgandik. O‘zimiz sevgan adiblar bilan yuzma-yuz muloqot ko‘tarinki ruh, jo‘shqin bahs va qimmatli mulohazalarga boy o‘tdi, – deydi Namangan davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi Marjona Abdullayeva. – E’tiborlisi, uchrashuvda bizga taqdim etilgan kitobga adiblardan dastxat olib, ular bilan esdalik uchun suratlarga tushdik.
Ijodkorlar, shuningdek, Namangan davlat universiteti professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda Namangan shahridagi 1- davlat ixtisoslashgan maktab-internati, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 12- umumta’lim maktabi va Uychi tumanidagi 12- ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabida ham bo‘lishdi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri