Namangan davlat universiteti: XORIJIY HAMKORLIK ASOSIDA TA’LIM SIFATI YANADA OSHADI

Hech kimga sir emas, Namangan davlat universiteti ko‘plab xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bu jarayonlar o‘zining kutilgan natijasini bermoqda va ilmiy-amaliy hamkorlik doirasini yanada kengaytirishga undamoqda. 

Ayni shu maqsadda Namangan davlat universiteti delegatsiyasi joriy yilning 25-26 aprel kunlari Turkiyaning Istanbul Aydin universitetida bo‘ldilar. Tashrif davomida har ikki universitetning rivojlanish strategiyalari hamda o‘zaro hamkorlik asosida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar kelishib olindi. 

Ma’lumki, Istanbul Aydin universiteti - Turkiyaning eng tez rivojlanayotgan yosh universitetlaridan biri.  Universitet 40 gektar hududda joylashgan. 12 ta fakultet, 2 ta kollej, 3 ta kasb-hunar maktablari, statsionar davolanish klinikasi va tez tibbiy yordam markazlari mavjud bo‘lgan universitetda 40 mingdan ziyod talaba tahsil oladi. 

E’tiborlisi, talabalarning 7 mingga yaqini chet ellik talabalar hisoblanadi. 120 ta davlatdan bo‘lgan yoshlar o‘z sohalari bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lish uchun Istanbul Aydin universitetini tanlashgan. Universitetda 3 mingdan ziyod professor-o‘qituvchilar dars beradi va jamoa ilmiy-tadqiqotni rivojlantirish bo‘yicha salmoqli yutuqlarga erishgan. Bugungi kunda universitetda 36 ta ilmiy-tadqiqot markazlari hamda 165 ta laboratoriyalar mavjud.

Istanbul Aydin universitetiga tashrifning ilk kunida universitet o‘quv-uslubiy jarayonlarini tashkil etish va raqamlashtirish, ilmiy-tadqiqot, ustoz-shogird tizimi, ta’limni ishlab chiqarish bilan o‘zaro integratsiyasi, xalqaro hamkorlik kabi sohalardagi tajribalari o‘rganildi.

 Jumladan, tibbiyot xodimlarini tayyorlashga ixtisoslashgan Tibbiyot fakultetida amaliy mashg‘ulotlarning tashkil qilinishi, anatomiya, fiziologiya, mikrobiologiya, molekular biologiya, farmatsiya yo‘nalishlari va ilg‘or texnologiyalarga asoslangan ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan tanishildi. Shuningdek, fakultet qoshidagi «Tez tibbiy yordam markazi» hamda universitet “VM Mediapaprk” klinikasi faoliyatini o‘rganish bilan birga ushbu muassasalarda ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish, nazariya va amaliyotning uyg‘unligi, ilmiy-tadqiqot faoliyatini tijoratlashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samarasi delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘z navbatida, universitet qoshida faoliyat olib borayotgan Texnomarkaz va Inkubatsiya markazlarining tashkiliy tuzilmasi, yangi innovatsion ishlanmalar va ularning amalda qo‘llanilishi, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish masalalari atroflicha o‘rganildi. 

 Tashrifning ikkinchi kunida har ikki universitet rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida O‘zbekistonda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar, xususan, Namangan davlat universitetida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturlari, tibbiyot, kompyuter injiniringi, biznes boshqaruvi, xalqaro huquq kabi yo‘nalishlarda bakalavrlar, magistrlar tayyorlanayotgani hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim bo‘yicha ham kadrlar yetishib chiqayotgani haqida xorijlik hamkasblarga batafsil ma’lumot berildi. Suhbat jarayonida ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish va ularning integratsiyasi, ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha binar o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va ilmiy-tadqiqot jarayonlari samaradorligini oshirish hamda xorijiy tillarni o‘rganish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

 Uchrashuv yakunida muzokaralarda muhokama qilingan bir qator masalalar bo‘yicha aniq va qat’iy kelishuvlarga erishildi. Jumladan, ehtiyojdan kelib chiqib tibbiyot, kompyuter injiniringi, biznes boshqaruvi, xalqaro huquq yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil qilish, Istanbul Aydin universitetining Tibbiyot fakulteti hamda Namangan davlat universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan har ikki universitet talabalari uchun binar o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil qilish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, Istanbul Aydin universitetida Namangan davlat universiteti professor-o‘qituvchilari uchun qisqa va o‘rta muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, turli milliy va xorijiy donor tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan ilmiy va amaliy loyihalarda hamkorlikda ishtirok etish, Namangan davlat universitetining “Til o‘rganish markazi”da hamkorlikda Turk tili markazini tashkil qilish hamda turk tilini bilish darajasini belgilovchi Aydin Tomer imtihonining o‘tkazilishini tashkil qilish bo‘yicha kelgusida amaliy chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Uchrashuvda universitetlar imkoniyatlari, hamkorlik yo‘nalishlarining  uyg‘unligi va istiqbolli ekanligi e’tirof etilib, Namangan davlat universiteti tomonidan bildirilgan takliflar yuqori baholandi. Shundan so‘ng amaliy hamkorlikka asoslangan memorandum imzolandi.

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image