Namangan davlat universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unov boshchiligidagi delegatsiya o‘zaro tajriba almashinish va hamkorlikda ta’lim, ilm-fan sohasida o‘zaro manfaatli sherikchilik asosida strategik loyihalarni amalga oshirish maqsadida Turkiya Respublikasidagi bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalarida xizmat safarida bo‘ldi.
Delegatsiya a’zolari shu yilning 22-24 aprel kunlari Turkiyaning birinchi raqamli universiteti hisoblangan O‘rta Sharq texnika universitetiga tashrif buyurdilar va o‘zaro strategik sherikchilik asosidagi aniq reja hamda mexanizmlar aks etgan hamkorlik kelishuvini imzoladilar.
Ma’lumot uchun aytib o‘tish o‘rinliki, Anqara shahrida joylashgan O‘rta sharq texnika universiteti kampusi 4500 km2 hududni qamrab olgan. Universitet 1956 yilda tashkil topgan. Bu yerda bugungi kunda 29000 talaba tahsil olmoqda. 2143 nafar professor-o‘qituvchi tomonidan 220 ta ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim berib kelinmoqda.
Ayni paytda universitetda 87 ta mamlakatdan tashrif buyurgan 2000 nafardan ortiq xorijiy talaba o‘qiydi. Ta’lim to‘liq ingliz tilida olib boriladi. Professor-o‘qituvchilarning qariyb 70 foizi Amerika va Kanada kabi dunyoning yetakchi davlatlaridagi universitetlarda tahsil olgan. Universitetda 40 ta ilmiy-tadqiqot markazlarining mavjudligi ham e’tiborga molik jihatlardan biri.
O‘rta Sharq texnika universiteti Turkiya oliy ta’lim tashkilotlari ichida birinchilardan bo‘lib milliy tadqiqot universiteti maqomini olgan. Universitet nafaqat Turkiyada, balki butun jahonda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib, QS xalqaro reytingida 336-o‘rinda, THE xalqaro reytingida esa 351-400 o‘rinda e’tirof etilgan.
Universitet kampusining 17 gektar maydonida qad rostlagan «Texnokent» universitetning tashrif qog‘ozi hisoblanadi. «Texnokent» 2011 yilda tashkil etilgan. Uning tarkibidagi 400 dan ortiq shirkatlarda 15000 ga yaqin ilmiy izlanuvchilar faoliyat olib boradi. Bu maskanda bugungacha 5 mlrd. dollar miqdorida texnologiya eksporti amalga oshirilgan bo‘lsa, birgina joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatgich 400 mln. dollarni tashkil etgan.
Universitet ilmiy-tadqiqot ishlarining tadbiqi yo‘nalishida AQSHning NASA (National Aerospace Agency), Turkiya kosmik agentligi, ERC (European Research Center), TUBITAK kabi yirik tashkilotlar bilan hamkorlikda yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Ana shunday yuqori ilmiy salohiyat va tajribaga ega O‘rta Sharq universitetiga tashrifning ilk kunlarida delegatsiya a’zolari universitetning tashkiliy tuzilmasi va funksional vazifalari, raqamlashtirish sohasida amalga oshirilgan ishlar, professor-o‘qituvchilar, mahalliy va xorijiy talabalarga yaratilgan sharoitlar, axborot-resurs markazi, fakultetlar va ularda o‘quv jarayonlarining tashkil etilishi, talabalar turar joylari, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida bugungi kunda Namangan davlat universistetida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bo‘yicha taqdimotlar qilindi va hamkor oliy ta’lim muassasalari tajribalari o‘rganildi.
Jumladan, ikki universitet tomonidan ta’lim-tarbiya jarayonlarini raqamlashtirish, ta’lim sifatini yanada oshirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, tashkiliy tuzilmalarni optimallashtirish, moddiy-texnik bazani yanada kuchaytirish, xalqaro aloqalar va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi.
Tashrifning ikkinchi kunida Namangan davlat universiteti rektori Sobitxon Toshpo‘latovich Turg‘unov boshchiligidagi delegatsiya hamda O‘rta Sharq texnika universiteti prezidenti Mustafo Vershan Ko‘k, prezident o‘rinbosarlari va hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalarga mas’ul soha vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar va ularning natijasi, ayniqsa, Namangan davlat universitetiga moliyaviy, akademik hamda tashkiliy-boshqaruv yo‘nalishlarida berilgan mustaqillik va uning imkoniyatlari, qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar haqidagi ma’lumotlar O‘rta sharq texnika universiteti Prezidenti boshchiligidagi delegatsiya tomonidan yuqori baholandi.
Uchrashuv davomida har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan hamda bugungi kunda kadrlarga bo‘lgan o‘tkir ehtiyoj, mehnat bozori va iste’molchi sohalar talablaridan kelib chiqib, aniq va qat’iy kelishuvlarga erishildi.
Xususan, endilikda har ikki universitetda “2+2” dasturi bo‘yicha ikkita - kimyoviy texnologiya, molekular biologiya va genetika bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va “1+1” dasturi bo‘yicha to‘rtta - kimyo texnologiyasi, mikro va nanotexnologiyalar, kiberxavfsizlik va biznes boshqaruvi magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanadi. Ushbu yo‘nalish va mutaxassisliklar doirasida ikki oliy ta’lim tashkiloti hamkorligida qo‘shma fakultet tashkil etiladi.
Shuningdek, o‘zaro sherikchilik asosida universitetlar ilmiy-tadqiqot yutuqlarini yanada rivojlantirish va O‘zbekistonda ularning kommersializatsiyasini yo‘lga qo‘yish hamda yosh iqtidorlar seleksiyasini amalga oshirish maqsadida Namangan davlat universitetida “Qo‘shma innovatsiyalar texnoparki” va universitetlar rahbariyati, yetakchi professor-o‘qituvchilar ishtirokida fan-ta’lim va innovatsiyalar sohasida strategik rivojlanish bo‘yicha “Ekspertlar Kengashi” tuziladi.
Shuningdek, xalqaro va milliy reytinglarda munosib ishtirok etish uchun talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligi hamda xorijiy stajirovkalari yo‘lga qo‘yiladi. Mavjud ixtisoslashgan ilmiy Kengashlar tarkibiga tomonlarning yuqori salohiyatli professor-o‘qituvchilari kiritiladi va kelgusida qo‘shma ixtisoslashgan ilmiy Kengashlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
O‘z navbatida, turli milliy va xorijiy donor tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan ilmiy va amaliy loyihalarda har ikki universitet hamkorlikda ishtirok etadi.
Universitetlarning strategik maqsadlari uyg‘unligi va hamkorlik istiqbollarining natijaviyligi har ikki delegatsiya tomonidan yuqori baholandi va strategik hamkorlikka asoslangan memorandum imzolandi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, Namangan davlat universitetining Turkiya davlatiga amaliy tashrifi aniq va manfaatli maqsadlarni o‘zida mujassam etdi. Xalqaro hamkorlik nafaqat universitetda ta’lim sifatining yanada oshishiga, balki mamlakatimiz ilm-fan sohasi rivojiga ham ulkan hissa qo‘shishi, shubhasiz.