Dunyo olimlari Namanganda

Namangan davlat universitetida 63-xalqaro gullar festivali doirasida “Markaziy Osiyoda biologik xilma-xillikni saqlash: muammolar, yechimlar va istiqbollar” mavzusidagi birinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Mazkur anjumanda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro tashkiloti (“IUCN”), shuningdek, Kanada, Isroil, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va boshqa bir qator davlatlarning yetakchi olimlari, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Botanika, Zoologiya, Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari akademiklari, ilmiy xodimlari hamda yurtimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va izlanuvchilari qatnashmoqda.
Tadbir avvalida Namangan davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Dilshodbek Xolmatov ilk bor tashkil etilayotgan, jahonning yetakchi biolog-olimlarini bir joyda jamlayotgan mazkur konferensiya bioxilma-xillikka oid hozirgi va istiqboldagi dolzarb muammolarni aniqlash, zamonaviy bilim va tajribalarni almashish hamda Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonda atrof-muhit va bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha strategiyalarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– Konferensiyaning ayni xalqaro gullar festivali davom etayotgan bir paytda o‘tkazilishining ramziy ma’nosi bor. Boisi, go‘zallik va nafosat shaydolari, atrof-muhit va bioxilma-xillikni muhofaza qilishning fidoyilari bo‘lgan namanganliklar gullarni g‘oyat qadrlashadi. Bu borada amaliy ishlar bilan bir qatorda ilmiy izlanishlar ham olib borishadi, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Botanika ilmiy-tadqiqot instituti direktori, akademik Komiljon Tojiboyev. – Qolaversa, anjumanda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda yer yuzida atrof-muhit va bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, ularning natijasi, mavjud muammolar yechimi va galdagi maqsad-vazifalarga batafsil to‘xtalib, hamkorlik istiqbollarini belgilab olishmoqda.
– Namangan davlat universitetida o‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy konferensiyada qatnashayotganimdan nihoyatda mamnunman. Konferensiya ayni vaqtda butun insoniyat uchun muhim bo‘lgan mavzuga bag‘ishlangan, – deydi Kanadaning “Montril Konkordiya” universiteti professori, biologiya fanlari doktori Rahman Chaffarzadekan Rabati. – E’tiborimni tortgani shundaki, anjumanda Markaziy Osiyo davlatlari hududidagi yo‘qolib borayotgan hayvonot turlari va ularni asrash borasidagi samarali yondashuvlarga keng e’tibor qaratilgani bo‘ldi. Biolog-olim sifatida bildirilgan fikr, o‘rtaga tashlangan takliflarni qo‘llab-quvvatlayman. O‘zaro hamkorlikda ish tashkil etilsa, bioxilma-xillikni saqlab qolish bo‘yicha kutilgan natijaga erisha olamiz.
 
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev, O‘zA muxbirlari
 

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image