Namangan davlat universiteti faollar zalida Xalqaro turkiy madaniy tashkiloti - TurkSOY tashabbusi bilan hamda B. Siddikov nomidagi qirg‘iz-o‘zbek universiteti bilan hamkorlikda «Qardosh xalq fidoyilari» mavzusida xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Har ikki universitet professor-o‘qituvchilari, iqtidorli talabalar va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan anjuman qirg‘iz davlat arbobi Isxak Razzakov tavalludining 115 yilligi va tarix fanlari doktori, professor Sultonmurod Soliyev tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlandi.
Xalqaro anjumanni Namangan davlat universiteti prorektori Dilshodbek Xolmatov kirish so‘zi bilan ochdi va anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Tadbirda shuningdek, qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universiteti rektori, professor Abdilbayet Mamasidikov ham so‘zga chiqdi.
Anjuman davomida har ikki universitet professor-o‘qituvchilarining ma’ruzalari tinglandi. So‘zga chiqqanlar «Isxak Razzakovning O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlatchiligi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi», «Manas dostoni va O‘zbekiston», «Isxak Razzakov - qirg‘iz xalqining davlat arbobi», «Zahiriddin Muhammad Boburning buyuk merosi», «Olmoslik olimlar sardori», «O‘zbekistonda Manas dostonining ijro uslublari» mavzularida fikr yuritdilar.
Universitetlar o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjuman so‘nggida mehmonlar Axsikent arxeologik yodgorligi hamda Is'hoqxon to‘ra Ibrat muzeyida bo‘ldilar. O‘z navbatida, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bog‘da ham bo‘lib, 63-Xalqaro «Gullar festivali»ni tomosha qildilar.