Namangan davlat univеrsitеti rеktori tеst sinovlari jarayonida ota-onalar bilan suhbatlashdi

14 iyul kuni soat 8:00 da mamlakatimizda davlat imtihonlariga start berildi. Imtihonlar respublikaning 73 ta yopiq turdagi binolarida o‘tkazilmoqda. Jumladan, Namangan viloyatidagi “Barkamol avlod” sport majmuasi binosida ham test sinovlari tashkil qilingan. Ikki kundirki, bu yerda abituriyentlar o‘zlari tanlagan fanlar bo‘yicha test sinovlarini topshirmoqdalar.
Namangan davlat universiteti rektori Sobitxon Turg‘unov o‘ziga biriktirilgan mazkur “Barkamol avlod” sport majmuasida tashkil qilinayotgan test sinovlari jarayoni, abituriyentlar va ularning ota-oanlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ota-onalar bilan suhbatlashib, ularning fikr, munosabat va takliflarini o‘rgandi.

Suhbatlar jarayonida ota-onalar farzandlari uchun yaratilgan sharoitlarning a’lo darajada ekanini ta’kidlab, Yangi O‘zbekistonda Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, bunyodkorliklar, yoshlarga oid davlat siyosatining izchilligi ta’minlanayotgani, xususan, oliy ta’limdagi islohotlar samarasidan mamnunliklarini bayon etishdi. Davlatimiz rahbariga yaratilgan imkoniyatlar uchun o‘z minnatdorliklarini bildirdilar.

-  Ayniqsa, bu yilgi test sinovlaridagi o‘zgarishlar oliy ta’limga qabul jarayonini yanada ochiqlik va shaffoflik bilan o‘tishini ta’minlayotganini alohida e’tirof etishdi, - deydi Namangan davlat universiteti rektori Sobitxon Turg‘unov. – Abituriyentlarning dastlab ta’lim yo‘nalishi va oliy ta’lim muassasasini emas, balki fanlarni tanlagani, shu fanlar bo‘yicha to‘plagan ballaridan kelib chiqib ta’lim yo‘nalishini tanlashi va shu asosda oliy ta’lim muassasasiga qabul qilinishi ota-onalar va abituriyentlarni nihoyatda xursand qilmoqda. Chunki oqilona amalga tatbiq etilgan bunday yangi tizim oliy ta’limga qabul davomida turli ko‘rinishdagi qonunbuzilish holatlari va firibgarliklarning oldini oladi, oliy o‘quv yurtlariga haqiqiy bilimli abituriyentlar qabul qilinishini kafolatlaydi. 

Darhaqiqat, mamlakatimizda bugunga kelib davlat imtihonlarida abituriyent bilimini baholash jarayonida inson omili ishtirok etmaydi. Bu nafaqat abituriyentlar, balki ularning ota-onalarida ham oliy ta’limga qabul jarayonida adolat bo‘lishiga nisbatan ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
Rektor va ota-onalarning yuzma-yuz va samimiy muloqotlari davomida hech qanday e’tirozlar bildirilmadi. Aksincha, yuqorida ta’kidlaganimizdek, ota-onalarning yuqori kayfiyati, mamnunliklariga guvoh bo‘lindi.
“Barkamol avlod” sport majmuasida tashkillangan test sinovlarida 1080 nafar abituriyent ishtirok etishi kerak bo‘lsa, soat 8:00 da, ya’ni abituriyentlarning test o‘tkazilayotgan hududga kirishi to‘xtatilgan vaqtda 1015 nafar abituriyentning o‘z joyida ekani ma’lum bo‘ldi. 65 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida ishtirok etmadi. Bu elektron tablo orqali e’lon qilindi.
Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, ota-onalar abituriyentlarning test sinovlari jarayonidagi ishtirokini soya-salqin kutish hududlariga o‘rnatilgan katta ekranlar orqali kuzatib turishibdi.

-  O‘tgan yilga nisbatan bu yil abituriyentlarning test sinovlari jarayonidagi ishtiroki ancha faol, davomati yuqori ekani ko‘rinib turibdi, - deydi rektor. – O‘tgan yili bir kunda o‘tkazilgan test sinovlarida o‘rtacha 200-300 nafar abituriyent ishtirok etmagan. Bu yil esa bunday ko‘rsatkich ancha past. Demak, abituriyentlarning test sinovlariga, ta’limdagi o‘zgarishlarga ishonchi baland va munosabatlari ijobiy. Bu oliy ta’limga haqiqiy bilimli va izlanuvchan yoshlarni qamrab olinishiga xizmat qiladi.

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image