Har yili yangi oʻquv yili boshlanar ekan, olis hududlardan kelib tahsil oluvchi talabalar va ularning ota-onalarini turar joy masalasi xavotirga soladi. Hatto, kunlab ovoragarchilikdan soʻng yotoqxonaga joylasha olmagan talabalar haftalab ijara xonadonlarni izlash bilan vaqt oʻtkazadilar. Biroq endilikda bunday boʻlmaydi.
Talabalarni turar joy bilan taʼminlashda navbatlar va sarsongarchiliklarning oldini olish, talabalarning turar joysiz qolishlari ehtimolini bartaraf etish, ularni munosib va xavfsiz yashash sharoiti bilan taʼminlash maqsadida Namangan davlat universitetida maxsus markaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bu - “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari boʻyicha maʼlumotlar markazi” boʻlib, endilikda turar joyga oid muammolarga duch kelayotgan, shuningdek, universitet yotoqxonasiga joylashmoqchi boʻlgan talabalar ushbu markazga murojaat qilishlari mumkin. Markazda talabalar turar joyi va ijara xonadonlari, ularga joylashish istagidagi talabalar haqidagi maʼlumotlar bazasi shakllantirilib, bu jarayonda koʻngilli lider yoshlar hamda tyutorlar faoliyat yuritmoqda. Ular, shuningdek, turar joyga muhtoj talabalarning yotoqxona va ijara xonadonlari bilan taʼminlanishini nazorat qiladilar va ularga amaliy yordam koʻrsatadilar.
Maʼlumki, Namangan davlat universitetida 2024-2025 oʻquv yilida 6994 nafar talaba kunduzgi taʼlim shaklining 2-, 3- va 4- bosqichlarida tahsil oladi. Hozircha 3181 nafar talabaning turar joyga ehtiyoji bor.
Universitetning mavjud talabalar turar joyi bugungi kunda talabalar yashashi uchun shay holatga keltirilgan. Shuningdek, yangi oʻquv yili boshlanishiga qadar 400 oʻrinli yangi, 7 qavatli zamonaviy talabalar turar joyi binosi ham foydalanishga topshiriladi. Ularga eng birinchi navbatda onlayn ariza berish orqali eng olis hududlardan kelib taʼlim oluvchi, ehtiyojmand deb topilgan hamda imtiyozga ega boʻlgan talabalar joylashtiriladi.
Qolgan talabalarni turar joy bilan taʼminlash uchun esa Namangan shahridagi 10 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi 642 ta xonadonlar bilan ijara yuzasidan ogʻzaki kelishuvlarga erishilgan. Bu xonadonlarda yana 3100 nafar talabalar oʻquv yili davomida ijara shartnomalari asosida istiqomat qilishlari mumkin.
Shuni ham aytib oʻtish oʻrinliki, hozirgacha 221 ta xonadonlar bilan talabalarning ijara shartnomalari mavjud. 2- va 3-bosqich kunduzgi taʼlim shaklida tahsil oladigan 848 nafar talaba ayni paytda turar joy bilan taʼminlandi.
Maʼlumki, 1-avgustdan boshlab talabalardan turar joyga joylashish boʻyicha onlayn arizalar qabul qilinmoqda. Bugungi kunda maxsus billing tizimiga kelib tushgan arizalar soni 187 ta, shundan 2-bosqich talabalaridan 96 ta, yuqori bosqich talabalaridan 91 ta boʻlsa, birinchi ustuvorlik boʻyicha kelib tushgan arizalar soni esa 14 tani tashkil etmoqda. Joriy yilda ham talabalarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida talabalar turar joyidan 16 ta oʻrin “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalarga, 54 ta oʻrin “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga, 64 ta oʻrin I va II guruh nogironligi boʻlgan talabalarga, 66 ta oʻrin bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida ikki yoki undan ortiq toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalar farzandlariga, 11 ta oʻrin talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori boʻlgan talabalarga ajratiladi. Taʼkidlash joizki, 2025-yilda yana 1200 oʻrinli talabalar turar joyi binosini bunyod etish rejalashtirilgan.