Aziz talabalar, qadrli o‘g‘il-qizlarim!
Mana, katta maqsad, cheksiz hayajon bilan yangi 2024-2025 o‘quv yilini boshlab oldik. Bu yil talabalik baxti nasib etgan, universitetimizning ko‘pming sonli tolibi ilmlari safiga qo‘shilgan yigit-qizlarimizni yana bir bor tabriklayman. Siz bugun orzularingiz sari eng asosiy qadamni qo‘ydingiz. Ustozlaringiz, ota-onangiz, yaqinlaringiz ishonchini oqlab, talaba degan nomga sazovor bo‘ldingiz. Endilikda yanada chuqur mas’uliyat hissi bilan ta’lim olasiz, nafaqat o‘z sha’ningiz, balki universitet sha’niga dog‘ tushirmaysiz, aksincha, uning nufuzini yanada oshirishga o‘z hissangizni qo‘shasiz, degan umiddaman.
Jondan aziz dilbandlarim!
Aslida talabalik - yuksak sharaf, katta imkoniyat demakdir. Ishonamanki, siz shunchaki o‘zingiz sevgan kasb bo‘yicha mutaxassis bo‘lishnigina maqsad qilmagansiz. Siz ertaga universitetni kuchli va malakali mutaxassis, yetuk shaxs sifatida tamomlashingiz kerak. Buning uchun oliy ta’lim muassasamizda barcha shart-sharoit va imkoniyatlar mavjud. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanish - o‘z qo‘lingizda. Ustozlarning har bir sabog‘ini qunt bilan o‘zlashtirib, izlanib, ilm yo‘lidagi mashaqqatlardan cho‘chimay, turli tanlov va musobaqalarda o‘z iqtidoringizni namoyon etib, muvaffaqiyat cho‘qqilarini zabt eting va shu tariqa hayot hamda jamiyatda o‘z o‘rningizni toping. Yangi O‘zbekistonimiz rivojiga, xalqimiz hayotining yanada farovon bo‘lishiga o‘z hissangizni qo‘shing!
Talabalarimiz orasida ilmga chanqoq yoshlarning ko‘pligi doim meni quvontiradi. Ularning har bir yutug‘idan behad sevinaman va bu talabalarning moddiy-ma’naviy jihatdan rag‘batlantirilishini doim qo‘llab-quvvatlayman. Siz ham ular qatoridan joy oling. Talabalikning har bir daqiqasini g‘animat biling. Kitob mutolaasini, sportni, jamoat ishlarida faollikni o‘zingizga odat qiling. Ustozlar etagini mahkam tuting, ularning oltindan qimmat bilimlarini olib qolishga ulguring. Izlaning, intiling. Zamon - juda tezkor, zamon - bugun undan bir qadam oldinda yurganlarniki. Oldinda bo‘lmoq uchun insonga bilim, keng dunyoqarash, o‘tkir zakovat kerak. Bularning barchasiga siz aynan talabalik davrida erisha olasiz.
Har biringiz uchun Namangan davlat universiteti - orzularingiz sari pillapoya, yorqin kelajak sari yo‘llaguvchi dargoh, farovon hayot sari eng muhim yo‘l bo‘la oladi. Toki, siz ilm olishda sobitqadam bo‘la olsangiz!
Barchangizga ishonchim juda baland, aziz talabalar! Barcha ustozlaringiz dillarida ham shu gap. Sizlarni mana shu so‘zlarni yodingizda tutib, ishonchimizni oqlashingizni istaymiz. Bizning bor bilim, mahorat, tajriba, kuch-salohiyat, imkoniyat va mehrimiz - sizlar uchun. Sizdan esa faqat ilm olib, Vatanga munosib farzand bo‘lishingizni so‘raymiz