Assalomu alaykum, aziz ustozlar, murabbiylar, jamoamiz a’zolari, qadrli talaba-yoshlar!
Sanoqli daqiqalardan so‘ng Yangi – 2025 yilni kutib olamiz. Umrimiz, hayotimiz va kasbiy faoliyatimizda yana bir yangi sahifani ochamiz. Barchangizni Yangi yil bilan chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, farovonlik, tinchlik-xotirjamlik va omad tilayman.
Ayni lahzalarda ortimizda qolayotgan yilga nazar tashlab, eng avvalo, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukmron, inson qadri ulug‘ ekaniga shukronalik keltiramiz. Yil davomida qo‘lga kiritgan kasbiy muvaffaqiyatlarimiz ham ko‘nglimizga yanada yorug‘lik baxsh etadi. Eski yilda amalga oshmagan reja-maqsadlarimizni Yangi yilda amalga oshirishni dilimizga tukkan holda yangi kunga peshvoz chiqamiz.
2024 yilda jamoamiz – professor-o‘qituvchilar, pedagoglar, olimlar, tadqiqotchilar, barcha xodimlar va talabalarimizni e’tirof etishga arzigulik muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritganlari albatta, quvonarli. Yil jamoamiz hayotida muhim voqealarga boy bo‘lganini alohida ta’kidlashim ham o‘rinli.
Jumladan, oliy ta’limdagi islohotlar biz kutgan natijalarni bermoqda. Ilmiy-tadqiqotlar borasida ham ahamiyatga molik, ijobiy ko‘rsatkichlarga erishdik. Xalqaro hamkorlik samarasi, ixtirochilik ishlarimiz respublikamiz jamoatchiligi e’tiborini qozondi. Ma’naviy-ma’rifiy va sport sohasida qilingan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlarimiz ham salmoqli.
Ishonamanki, 2025 yilda muvaffaqiyatlarimiz ko‘lami yanada kengayadi. Har bir yo‘nalishda yetuk mutaxassislar tayyorlash, ilmiy salohiyatni yuksaltirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Aziz do‘stlar, hurmatli hamkasblar, talaba o‘g‘il-qizlarim!
Yana bir bor barchangizni Yangi yil bilan muborakbod etaman. Kirib kelayotgan 2025 yil ona diyorimizga fayzu baraka, yangi yutuq va zafarlar olib kelsin. Yaratgan jamiki ezgu niyatlarimizni ijobat aylasin. Yurtimiz tinch, xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin!