Malayziya bilan mustahkam aloqalar: Namangan davlat universiteti xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda!
4-5 ferval kuni Malayziyaning Perak shtatida «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oliy ta’lim sohasidagi imkoniyatlar va tashabbuslar» mavzusidagi Birinchi O‘zbekiston-Malayziya ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda har ikki davlatning oliy ta’lim vazirlari hamda ikki davlatning 50 dan ziyod yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etdi.
Forum ikki mamlakat o‘rtasida oliy ta’lim sohasida maqsadli hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi, aloqalarni yanada kengaytirish, akademik mobillik dasturlarini rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini oshirishda mustahkam zamin yaratdi.
Forum davomida soha mutaxassislari tomonidan turli mavzularda ma’ruzalar o‘qildi va bu jarayonda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish va ilmiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator tashabbuslar muhokama qilindi.
Forum doirasida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 50 dan ortiq shartnoma va memorandumlar imzolandi.
Jumladan, Namangan davlat universiteti ham Malayziyadagi bir necha yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik kelishuvlariga erishdi. Ulardan biri — Malaya universiteti bo‘lib, universitet rektori Sobitxon Turg‘unov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Malaya universitetida tabiiy fanlarning o‘qitilishi, xususan, botanika bog‘i va laboratoriya markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Fakultetlar faoliyatidagi zamonaviy yondashuvlarga alohida e’tibor qaratdilar.
Malaya universitetida 50 dan ortiq ilmiy-tadqiqot markazlari, 4 ta tadqiqot klasteri, 9 ta ISO sertifikatiga ega laboratoriyalar, dunyodagi 5-raqamli klinik tadqiqot markazlarining mavjudligi, universitet Ilg‘or tadqiqotlar instituti (IAS), Osiyo-Yevropa instituti, Xalqaro davlat siyosati va boshqaruv instituti (INPUMA) va Xitoy fanlari institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganligi vakillarimiz e’tiborini tortdi.
Tashrif doirasida har ikki universitet o‘rtasida manfaatli shartnomalar imzolandi. Unga asosan, Malaya universitetining Sciyence (fan) fakulteti hamda Namangan davlat universitetining fizika-matematika fakulteti o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi, fizika-matematika fanlari sohasida qo‘shma laboratoriyalar tashkil etiladi, hamkorlikda mahalliy va xalqaro grantlar tanlovlarida qo‘shma loyihalar shakllantiriladi hamda ilmiy tadqiqot natijalari asosida nufuzli xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar nashr etiladi va keng ko‘lamli loyihalar tijoratlashtiriladi.
Shuningdek, forum doirasida Namangan davlat universiteti hamda Utara universiteti rektorlarining uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Samimiy va do‘stona muloqot davomida universitetlar o‘rtasida tadbirkorlik markazini tashkil etish hamda iqtisodiyot va biznes sohasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Bu bo‘yicha kelishuv shartnomalari imzolandi.
Ahamiyatlisi, Namangan davlat universiteti va Malayziya xalqaro Islom universiteti o‘rtasida tibbiyot yo‘nalishida stomatologiya, davolash ishi va pediatriya yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlari asosida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.
Shu o‘rinda Sulton Idris ta’lim universiteti bilan ham hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilganini ham alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozim. Bir qator yo‘nalish va maqsadlarni o‘zida qamrab olgan kelishuvlarga muvofiq, kelgusida Sulton Idris ta’lim universiteti bilan hamkorlikda Namangan davlat universitetida psixologiya, amaliy psixologiya, inklyuziv ta’lim hamda ta’lim jarayonlarini tashkil etish va boshqarish kabi ta’lim yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalar qabuli tashkil etiladi va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, ushbu sohalarda mutaxassislik va ixtisosliklar bo‘yicha hamkorlikda kadrlar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish ishlari amalga oshirilishi yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Qolaversa, Namangan davlat universiteti Malayziyaning Perlis universiteti bilan ham hamkorlik shartnomasini imzoladi. Unga asosan, kelgusida Namangan davlat universiteti mazkur Perlis universiteti bilan axborot texnologiyalari va iqtisodiyot sohasida hamkorlik qilib, mazkur yo‘nalishda istiqbolli loyihalarni hamda professorlar va talabalar almashinuvini amalga oshiradi.
Guvohi bo‘lganingizdek, davlatimiz rahbari tashrifi doirasida tashkil etilgan «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oliy ta’lim sohasidagi imkoniyatlar va tashabbuslar» mavzusidagi Birinchi O‘zbekiston-Malayziya ta’lim forumi har ikki davlat uchun manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun poydevor vazifasini o‘tadi.
Aynan Namangan davlat universitetining forumdagi ishtiroki va qator oliy ta’lim tashkilotlari bilan kelishuvlarga erishayotgani esa universitetning xalqaro hamkorlik faoliyatida yangi sahifani ochish barobarida, yangi yo‘nalishlarda ta’lim qamrovi va sifatining oshishiga, ilmiy va akademik hamkorlikka mustahkam zamin yaratadi.
Manba: namangantoday.uz