Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz iqtidorli yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvda Prezidentimiz hozirgi yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, bir qator muhim islohotlarni sanab o‘tdi.
Muloqot davomida davlatimiz rahbari eng asosiy masalalardan biri– ta’limga alohida e’tibor qaratdi. Bu yoshlarning ma’naviyatini, huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi, kelajakda yetuk kadrlar yetishib chiqishiga hissa qo‘shishini ta’kidladi. Shuningdek, xorijiy tillarni xususiy o‘quv markazlarida o‘rganayotgan yoshlarning xarajatlari “6+2” shaklida qoplanishi belgilandi. Ya’ni, dastlabki 2 oylik o‘quv xarajatlari o‘quvchining o‘z mablag‘i hisobidan, qolgan 6 oyi esa davlat tomonidan to‘lab beriladi. Shu bilan birga, kam ta’minlangan oilalarda hech bo‘lmaganda bitta farzandning oliy ma’lumot olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi qayd etildi. Bunday imtiyoz va imkoniyatlar ta’lim samaradorligini oshirishga hamda yoshlarning o‘qishda duch kelayotgan qator muammolarini hal etishga xizmat qiladi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va ishsizlikning oldini olish maqsadida Prezidentimiz yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha uchta muhim hujjat qabul qilinganini e’lon qildi. Shuningdek, bu borada qariyb 400 million AQSh dollari miqdorida moliyaviy mablag‘ ajratilgani ma’lum qilindi. Bu esa yoshlarning biznes va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Davlatimiz rahbarining sport sohasiga qaratayotgan e’tibori esa yoshlarni sog‘lom turmush tarziga amal qilishga, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga undaydi. Sportga katta e’tibor qaratilgani bejiz emas, chunki sport har qanday davlatning rivojlanishi va xalqaro maydonda nufuzini oshirishga xizmat qiluvchi muhim omillardan biridir.
Berilayotgan imkoniyatlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar va davlat rahbarining yoshlarga qaratgan e’tibori bizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu esa o‘z navbatida, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda faol ishtirok etishga hamda yangi O‘zbekiston poydevorini mustahkamlash borasida hissa qo‘shishga undaydi.
Axmadbek ANVARJONOV
Yuridik fakulteti 1-bosqich talabasi