Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yoshlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik va ta’lim olish uchun yangi imkoniyatlar yaratilishi haqida ko‘plab loyihalar amalga oshishini ta’kidladilar.
Yaqin yillardan beri, yoshlarga qaratilgan davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilgan. Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyatining ilk davrlaridanoq chiqargan farmon, qaror va farmoyishlari ham aynan yoshlarga oidligi buning yaqqol isboti desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Yoshlar bilan samimiy muloqotda yoshlar sanoat zonalarida bino oladigan yosh tadbirkorlarga uskunalar sotib olish uchun 500 ming dollargacha imtiyozli kredit ajratilishi hamda mamlakat hududlarida ijodiy sanoat parklari paydo bo‘lishi haqidagi yangiliklari ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi yoshlar salmog‘i oshishiga ham muhim turtki bo‘ldi.
Joriy yilda Qoraqalpog‘iston, shuningdek, Andijon, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida yangi tizim bo‘yicha 3300 gektar tekin yer ijaraga beriladi. Endilikda ilgari yer uchastkalari olib, hosil yetishtirgan va kamida 100 million so‘m daromad olgan yosh fermerlar ham ushbu sxema bo‘yicha yer ijarasi uchun ariza topshirishi mumkin bo‘lishi ham o‘zbek xalqining qimmatbaho boyligi bo‘lgan yerdan foydalanishda yangi bosqichni boshlab beradi.
Yoshlarning qishloq xo‘jaligi sohasida bilim va ko‘nikmalarni egallashiga xizmat qiluvchi yoshlar kooperativlarini tashkil etish rejalashtirilganligi ham quvonarli holat.
Yoshlarga xizmat ko‘rsatish sohasida ham yangi imkoniyatlar yaratiladi. Yosh xodimlarni ishga qabul qilib, ularga kamida 3 million so‘m maosh to‘layotgan tadbirkorlar atigi 1 foiz ijtimoiy soliq to‘laydi.
Ushbu imtiyozli rejim uch yil davomida amal qiladi. Shu tariqa ish beruvchilar foyda ko‘radi, yoshlar esa rasman ishlab, barqaror daromad olishi mumkin bo‘ladi.
Prezident “Yoshlar reyestri” tizimini yangilash va o‘zgartirish vaqti kelganini ta’kidladi. Oddiy qilib aytganda, yoshlar va ularga qaratilayotgan siyosatda katta sakrash davri boshlandi.
Safoxon YOʻLDASHEV,
Ijtimoiy fanlar fakulteti talabasi.