O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kuvayt davlatiga rasmiy tashrifi va oliy darajada o‘tkazilgan muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.
Prezidentimiz tashrifi doirasida Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al as-Saboh bilan amalga oshirilgan uchrashuvlar hamda imzolangan qator muhim hujjatlar ikki tomonlama aloqalarning barqaror rivojlanishi va kengayishiga zamin yaratadi. Har ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralar o‘zaro ishonch va manfaatdorlik ruhida o‘tgani muhim ahamiyatga ega.
Muzokaralar davomida davlat rahbarlari siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va innovatsion hamkorlikni yanada rivojlantirish, infratuzilma, transport va logistika, "yashil" energetika, sog‘liqni saqlash va turizm kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib oldilar.
Ayniqsa, Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan hamkorlikni kengaytirish, investitsiya platformasi va ishbilarmonlar kengashini tashkil etish borasidagi kelishuvlar iqtisodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi. Shuningdek, Kuvayt shahrida savdo uyini ochish bo‘yicha erishilgan kelishuv ikki mamlakat tadbirkorlari uchun yangi maydon ochadi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida madaniyat va turizm haftaliklarini o‘tkazish, san’at, musiqa, kino, ta’lim va sport yo‘nalishlarida qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, "Fouad Alghanim & Sons" kompaniyasining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sog‘liqni saqlash va ta’lim obyektlarini qurish rejalari kelishib olindi, "Kuwait Investment Company" kompaniyasi Ta’lim, infratuzilma, agrosanoat, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish qo‘llab-quvvatlandi.
Muzokaralar natijasida imzolangan sanoat, mehnat, havo qatnovi, "aqlli" shaharlar, sog‘liqni saqlash va turizm sohalaridagi bitimlar esa ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Prezidentimizning ushbu tashrifi O‘zbekiston-Kuvayt munosabatlarining yangi sahifasini ochdi va kelgusi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Bunday yuqori darajadagi muloqotlar va imzolangan bitimlar ikki mamlakat xalqlarining farovonligi va taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Nodirbek KODIROV
Tibbiyot fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan o'rinbosari