Namangan davlat universitetida Kasbiy (Ijodiy) imtihonlar boshlandi.

Namangan davlat universitetida 2025/2026 o‘quv yili uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi. 

Jami 631 nafar abituriyent 13 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar, avvalo, ijodiy yondashuv, amaliy ko‘nikmalar va individual salohiyatni aniqlashda muhim mezon hisoblanadi.

Bugun Dizayn: sanoat dizayni, Rangtasvir: dastgohli, Amaliy san’at: badiiy kulolchilik, Vokal san’ati: an’anaviy xonandalik, Cholg‘u ijrochiligi: xalq cholg‘ulari (rubob prima, qashqar va afg‘on rubobi) hamda Jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan grafik asosida imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.

Imtihon jarayonini adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida universitet rahbariyati tomonidan barcha zarur tashkiliy va texnik chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan:

  • Abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun qulay kutish hududlari tashkil etilgan;

  • Ma’lumot stendlari va navigatsion belgilar orqali zarur ko‘rsatmalar taqdim etilgan;

  • Issiq ob-havo sharoitidan kelib chiqib salqinlashtirish vositalari, ichimlik suvi, tibbiy yordam xonalari va boshqa infratuzilma vositalari ishga tushirilgan;

  • Imtihonlar o‘tkaziladigan auditoriyalarda xavfsizlik, sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilinmoqda.

Yana bir muhim jihat shuki, kasbiy (ijodiy) imtihonlarning borishini masofadan turib, onlayn tarzda kuzatib borish imkoniyati yaratildi. Bu ota-onalar va keng jamoatchilik uchun imtihon jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Namangan davlat universiteti ushbu jarayonlarda ishtirok etayotgan barcha abituriyentlarga omad va zafarlar tilaydi. Har bir abituriyent o‘z bilimini adolatli baholashga ishonch bilan yondashishi, yuqori natijalarga erishishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Imtihonlar davomida barcha ishtirokchilar, ota-onalar va mehmonlardan tartib-intizom, madaniy muomala va umumiy qoidalarga rioya qilish so‘raladi.

 

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image