Bugun, 10-iyul kuni Namangan davlat universitetida 2025–2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari doirasida alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarning uchinchi kuni boshlandi.
Shu jumladan, Sport faoliyati: basketbol, Sport faoliyati: kurash, Sport faoliyati: og‘ir atletika hamda Jurnalistika ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha imtihonlar o‘tkazilmoqda.
Sport faoliyati: basketbol yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilgan imtihonlarda abituriyentlar texnik ko‘nikmalar, koordinatsiya, tezlik, sakrash va to‘p bilan ishlash madaniyati bo‘yicha baholanmoqda. Sinovlar sport murabbiylari, jismoniy tarbiya sohasi mutaxassislari ishtirokida professional mezonlar asosida olib borilmoqda.
Sport faoliyati: kurash yo‘nalishida esa abituriyentlar milliy va erkin kurash elementlari, uslublarni to‘g‘ri bajarish, chidamlilik va jismoniy tayyorgarlik darajasi bo‘yicha sinov topshirmoqda. Imtihonlar sport zalida xavfsizlik va sanitariya talablariga to‘liq rioya qilingan holda tashkil etilgan.
Sport faoliyati: og‘ir atletika yo‘nalishidagi imtihonlar davomida esa abituriyentlarning kuch, bardoshlilik, texnik ijro darajasi, vazn toifalariga mos holda og‘irlik ko‘tarish mahoratlari baholanmoqda. Baholash jarayonida tajribali sport ustalari va murabbiylar faol ishtirok etmoqda.
Jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan ijodiy imtihonlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tomonidan biriktirilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining malakali professor-o‘qituvchilar ishtirokida amalga oshirilmoqda. Abituriyentlar ijodiy insho, fikr ifodasi, tahliliy yondashuv kabi kompetensiyalar bo‘yicha sinov topshirishmoqda.
Imtihon jarayonlarining adolatli, shaffof va ochiq tarzda tashkil etilishi universitet jamoasi diqqat markazida. Shu maqsadda imtihonlar o‘tkazilayotgan barcha binolar to‘liq kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun barcha zaruriy qulayliklar yaratilgan, kutish joylari tashkil etilgan.
Bundan tashqari, imtihonlarning ochiqligini ta’minlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida deputatlar, OAV vakillari hamda keng jamoatchilik vakillari imtihon jarayonlariga taklif etilgan. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ichki ishlar xodimlari va Milliy gvardiya vakillari jalb etilgan, shuningdek, tibbiyot xodimlari tomonidan doimiy tibbiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan.
Imtihonlarni bevosita kuzatib borish imkoniyatini yaratish maqsadida https://live.namdu.uz platformasi orqali onlayn efir yo‘lga qo‘yilgan. Namangan davlat universiteti ushbu muhim jarayonni yuksak saviyada tashkil etish orqali iqtidorli yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.