Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Kirgizboyev Davlatobod tumani, Yangi Namangan shaharchasida qurilayotgan yangi “Innovatsion fakultet” binosida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Tashrif davomida rektor qurilish jarayonining borishi, ish sifati va belgilangan muddatlarga amal qilinayotganligini bevosita o‘rgandi. Ayni paytda binodagi qurilish ishlari 95 foizga bajarilgan. Asosiy konstruksiyalar to‘liq bitkazilgan bo‘lib, ichki pardozlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yotqizish hamda atrofni obodonlashtirish ishlari yakuniy bosqichda davom etmoqda.
Qurilish ishlarini sifatli va o‘z vaqtida yakunlash maqsadida rektor mas’ullarga zarur topshiriq va tavsiyalar berdi. Shuningdek, xavfsizlik va qurilish standartlariga qat’iy amal qilinishiga alohida e’tibor qaratdi.
Loyiha doirasida 2000 o‘rinli zamonaviy fakultet binosida keng va yorug‘ o‘quv xonalari, zamonaviy laboratoriyalar, to‘liq jihozlangan auditoriyalar, xizmat xonalari hamda boshqa zarur infratuzilmalar joy oladi.
Tashrif chog‘ida rektor qurilishi rejalashtirilgan oshxona loyihasi bilan ham tanishdi. Talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan mazkur oshxona zamonaviy va qulay sharoitlarga ega bo‘lishi, barcha sanitariya talablariga javob berishi belgilangan. Rektor mazkur inshootni ham sifatli va tez muddatda foydalanishga topshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Yangi “Innovatsion fakultet” binosi universitetda zamonaviy ta’lim muhitini yaratish, ilmiy salohiyatni oshirish hamda talaba-yoshlar uchun qulay va zamonaviy ta’lim sharoitlarini ta’minlashga xizmat qiladi.