Namangan davlat universitetida yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida qator ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, “Dolzarb 90 kun” doirasida Fizika-matematika fakulteti talaba-yoshlari o‘rtasida kibersport musobaqasi tashkil etildi.
Mazkur musobaqa talabalar orasida keng ommalashgan zamonaviy intellektual-kompyuter o‘yini – Counter-Strike 2 yo‘nalishida o‘tkazilib, unda fakultetning turli yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yoshlar 5 kishilik jamoalar shaklida ishtirok etishdi.
Musobaqaning asosiy maqsadi – talaba-yoshlar o‘rtasida zamonaviy texnologiyalardan ongli va samarali foydalanish madaniyatini shakllantirish, ularning mantiqiy fikrlash, strategik qaror qabul qilish va jamoada ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek, sog‘lom raqobat muhitini yaratishdan iborat bo‘ldi.
G‘olib jamoalar final bosqichida aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.