Yurtimizda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy bilim olishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimiz tashabbuslari va e’tibori tufayli bugun ta’lim maskanlari qiyofasi yangilanib, zamon talablari darajasida yangi o‘quv majmualari bunyod etilmoqda.
Davlatobod tumani, Yangi Namangan shaharchasi hududida qad rostlagan Namangan davlat universitetining asosiy kampusi davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan oqilona siyosatning mevasi hisoblanadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bugun universitetning asosiy kampusida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Bozorov tashrif buyurdi.
Tashrif davomida universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev universitetda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, xizmat xonalari bilan tanishtirdi.
Bugungi kunda qurilish ishlari yakuniga yetib, ichki pardozlash hamda binoni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu o‘quv maskani zamonaviy arxitektura va muhandislik yutuqlarini mujassam etib, ilm-fan va ta’lim jarayonlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi
Yangi o‘quv majmuasi 7 qavatli, 2000 o‘rinli bo‘lib, unda keng va yorug‘ o‘quv xonalari, zamonaviy laboratoriyalar, xizmat xonalari, axborot-resurs markazi, uchta yirik ma’ruza zali hamda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan anjumanlar zali mavjud. Shu bilan birga, yangi kampus talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilarning ilmiy izlanishlari, ijodiy faoliyati hamda ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarni samarali tashkil etishi uchun ham keng imkoniyatlarni taqdim etadi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab mazkur binoda Fizika-matematika, Tabiiy fanlar hamda Ijtimoiy fanlar fakultetlari joylashib, o‘z faoliyatini yangi bosqichda davom ettiradi. Ushbu kampus Namangan davlat universitetining ta’lim sifati va ilmiy salohiyatini oshirishga, shuningdek, uni mintaqada nufuzli ilm maskaniga aylantirishga zamin yaratadi.
Mazkur kampus Namangan davlat universitetining bugungi va kelajakdagi taraqqiyotida muhim bosqich bo‘lib, u yoshlarning bilim olishi, ilmiy faoliyat yuritishi hamda intellektual salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar ochadi.