Namangan davlat universitetida rektor Abdug‘affor Qirg‘izboyev raisligida navbatdagi apparat yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda prorektorlar, bo‘lim va markaz rahbarlari, fakultet dekanlari hamda kafedra mudirlari ishtirok etdilar.
Mazkur yig‘ilishda 9-sentyabr kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar tahlil qilindi. Maktabgacha va maktab ta’limi tizimini isloh qilish, mazkur sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni amaliy natijalar bilan ta’minlash hamda kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarni oliy ta’lim muassasalari faoliyati bilan uyg‘unlashtirish zarurligi qayd etildi. Universitet jamoasi ham ushbu yuksak maqsadlarga munosib hissa qo‘shishi, ta’lim jarayonini yangicha mazmun bilan boyitishi lozimligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida kun tartibidan o‘rin olgan masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
Avvalo, 2025/2026 o‘quv yilining boshlanishiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. Talabalarni o‘quv jarayonlariga faol jalb qilish, ta’lim mashg‘ulotlarini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, yangi o‘quv yilida sifat ko‘rsatkichlarini yanada oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
O‘quv binolarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalasi ham yig‘ilishda muhim o‘rin egalladi. Bu borada isitish tizimlari, elektr ta’minoti, yong‘in xavfsizligi choralarini kuchaytirish, mavjud inshootlarda zarur ta’mirlash ishlarini o‘z vaqtida yakunlash masalalari muhokama qilinib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
2025/2026 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari natijalari yuzasidan ham batafsil tahlillar qilindi. Qabul yakunlari, yangi o‘quv yilida universitet safiga qo‘shilgan talabalar soni va ularning fakultetlar bo‘yicha taqsimoti haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, birinchi bosqich talabalarini qisqa muddatda o‘quv jarayoniga moslashtirish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish va ta’lim-tarbiya jarayoniga samarali integratsiya qilish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Yig‘ilishda talabalar odob-axloqi va kiyinish madaniyatini tartibga solish masalasi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Bu borada milliy qadriyatlarimizga mos intizomni mustahkamlash, ijobiy tarbiyaviy muhitni shakllantirish va talabalarda zamonaviy bilim bilan bir qatorda ma’naviy barkamollikni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Fakultet dekanliklari hamda mas’ul xodimlar zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, soha prorektorlari tomonidan istiqbolli rejalar taqdimoti ham tinglandi. Ular tomonidan 2025/2026 o‘quv yilida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, jumladan o‘quv jarayonini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni kuchaytirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga oid yo‘nalishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Yig‘ilish yakunida rektor Abdug‘affor Qirg‘izboyev universitet jamoasi oldida turgan dolzarb vazifalarni yana bir bor qayd etdi. Yangi o‘quv yilida ta’lim jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish, mavjud resurslardan samarali foydalanish, yoshlarning bilim va salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, universitet obro‘-e’tiborini yanada oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.