NamDU va Qirg‘iz-Turk Manas universiteti: Xalqaro hamkorlik yangi bosqichda

Namangan davlat universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Davron Dehqonov, Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani Shuxratjon Xaydaraliyev hamda Axborot xizmati bosh mutaxassisi Sardor Sodikovlardan iborat universitetimiz delegatsiyasi joriy yilda o‘zining 30 yillik yubileyini nishonlayotgan Qirg‘iz Respublikasining nufuzli oliygohlaridan biri – Qirg‘iz-Turk Manas universitetida bo‘lib turishibdi.

Universitet rektori Alpaslan Jeylanning taklifiga binoan vakillarimiz universitet tashkil etilganining 30 yillik tantanali tadbirida ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan NamDU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Davron Dehqonov Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev va ko‘p ming sonli universitetimiz jamoasi nomidan Qirg‘iz-Turk Manas universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari hamda talabalarini mazkur qutlug‘ sana – universitetning 30 yillik yubileyi bilan samimiy tabrikladi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilayotgani va izchil mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

Tashrif doirasida universitetimiz vakillari Qirg‘iz-Turk Manas universiteti rahbariyati bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazdilar. Muzokaralar davomida 2025-yil oktabr oyida Qirg‘iz-Turk Manas universitetida o‘tkaziladigan “Turk dunyosi filologlarining xalqaro konferensiyasi”ga Namangan davlat universiteti professor-o‘qituvchilari taklif qilindi.

Shuningdek, chorvachilik, zooveterinariya, sabzavotchilik va qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha talaba almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi. 2025-yil oktabr oyida Tarix yo‘nalishidagi talabalar almashinuvi bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Muzokaralar yakunida tomonlar istiqboldagi hamkorlik rejalarini belgilab oldilar. Xususan, NamDUning uch nafar professor-o‘qituvchisi Qirg‘iz-Turk Manas universiteti bilan hamkorlikdagi xalqaro grant loyihasi ishtirokchisiga aylandi. Ushbu loyiha doirasida o‘qituvchilarimiz xalqaro ilmiy izlanishlar olib borish, qo‘shma ilmiy maqolalar tayyorlash va nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda ularni chop etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa universitetimizning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash va ilmiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Namangan davlat universiteti Axborot xizmati

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image