Respublika miqyosida markazlashgan holda tashkil etilgan ochilish marosimida Namangan viloyatining barcha oliygohlari vakillari Namangan davlat universiteti sport majmuasida jam bo‘lishdi.
Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxanova, Namangan viloyati xokimi o‘rinbosari Otabek Bazarov, Namangan viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Akram Dedabayev, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Mirzatov hamda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari prorektorlari ishtirok etishdi.
Ochilish marosimida viloyat sport boshqarmasi mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar, sportsevar talaba-yoshlar ishtirok etib, yoshlarning irodasi va g‘alabaga intilishini qo‘llab-quvvatladilar. Tadbir davomida talaba-yoshlarga Jismoniy tayyorgarlik darajasi nishonlari hamda guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.
20–30-sentabr kunlari o‘tkaziladigan bellashuvlarda mini-futbol, voleybol, stol tennisi, yengil atletika va stritbol bo‘yicha fakultetlararo jamoalar o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazadi. Fakultet ichki bosqichlarida g‘olib chiqqan jamoalar keyingi bosqichlarda nafaqat universitet, balki respublika miqyosida ham chempionlik uchun kurashadilar.
Mazkur musobaqalar nafaqat sportchilarni yangi marralarga chorlaydi, balki yoshlarda sog‘lom raqobat, do‘stlik va yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi. Zero, sport — bu kuch va jasorat, iroda va intilish, sog‘lom jamiyatning ramzidir.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati