Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi majlisining tegishli bayoni tasdiqlandi.
Unga ko‘ra:
➖bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida vakant qolgan oʻrinlar uchun tanlov oʻtkaziladi. Bunda 56,7 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan, shu jumladan roʻyxatdan oʻtishning ikkinchi bosqichida oliy taʼlim tashkiloti va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini tanlamagan abituriyentlarga ham imkoniyat yaratiladi;
➖kirish imtihonlari natijalariga koʻra abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirish imkoniyati yaratiladi;
➖respublikada faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga davlat buyurtmalari tasdiqlandi;
➖Qoraqalpogʻiston yoshlari uchun qo‘shimcha grant va to‘lov-kontrakt oʻrinlari ajratildi.
Shuningdek, Prezident granti uchun ajratilgan kvotalarning taʼlim sohalari boʻyicha taqsimoti hamda davlat oliy taʼlim tashkilotlarining magistratura mutaxassisliklariga tanlov natijalari tasdiqlandi.
Mazkur qaror abituriyentlar uchun oliy taʼlimga kirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari vakant o‘rinlariga qo‘shimcha qabul 25-sentyabrdan 3-oktyabrga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, 2025/2026-o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida vakant qolgan o‘rinlarga qo‘shimcha qabul amalga oshiriladi.
Unga ko‘ra, 2025-yilgi kirish imtihonlarida 56,7 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan, shu jumladan roʻyxatdan oʻtishning ikkinchi bosqichida oliy taʼlim tashkiloti va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini tanlamagan abituriyentlarga quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:
➖ davlat oliy ta’lim tashkilotlarida qolgan vakant bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga tanlovda ishtirok etish uchun 2025-yil 25-sentyabrdan 3-oktyabrga qadar (shu kuni ham) my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi;
➖ roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar toʻplagan ballari ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilingan holda vakant oʻrinlarga bazaviy toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi;
➖ ro‘yxatdan o‘tish jarayonida fanlar majmuasi mos bo‘lgan bakalavriat yo‘nalishini tanlash imkoniyati beriladi;
➖ tanlov natijalari boʻyicha qaydnomalar 2025-yil 8-oktyabrga qadar chop etilib, tegishli oliy taʼlim tashkilotlariga talabalikka qabul qilish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yetkaziladi.
Umumiy qabul parametrlarida vakant oʻrinlar qolgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha maʼlumotlar Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Joriy yil tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori OTM rektorlari (direktorlari) tomonidan belgilanadi
Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, 2025/2026-oʻquv yili uchun kirish imtihonlari natijalariga koʻra 56,7 va undan yuqori ball toʻplagan lekin talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga qoʻshimcha qabul qilishda tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorini rektor (direktor) tomonidan mustaqil belgilash quyidagi tartibda amaliyotga joriy etiladi:
➖qabul chegaralariga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun belgilangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari (1-ilova 73-band)ga asosan belgilanadi;
➖qabul chegaralariga 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari oliy taʼlim muassasalari rektorlari (direktorlari) tomonidan bazaviy toʻlov-kontraktning 3,0 barobaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
Barcha oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan 2025-yil 25-sentyabrga qadar 2025/2026-oʻquv yili uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va taʼlim shakllari kesimida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdorlari tasdiqlanadi va rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
2025/2026-oʻquv yili qabulida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlarga bir yillik oʻqitish qiymatining 50 foizini 2025-yilning 31-oktyabrga qadar (shu kuni ham) toʻlashga ruxsat beriladi.
Shuningdek, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish imtihonlari natijasi boʻyicha tanlovda ishtirok etib, ikkinchi-beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlaridan biri boʻyicha davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga oʻz xohishlariga koʻra ustuvorligi boʻyicha tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga ruxsat berildi (maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya qilinganlar bundan mustasno).
1-kurslar kontrakt toʻlov miqdorining kamida 25 foizini 30-oktyabrgacha toʻlashi mumkin
Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, 2025/2026-oʻquv yilida respublika davlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun belgilangan toʻlov miqdorining kamida 25 foizini toʻlash muddati 2025-yil 30-oktyabrgacha uzaytirildi.
Shuningdek, respublika oliy taʼlim tashkilotlariga iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ish stajiga ega boʻlgan va tegishli tavsiyanoma asosida suhbat bilan qabul qilinganlar uchun toʻlov-kontrakt miqdorlari – 2025/2026-oʻquv yili uchun belgilangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va shakli boʻyicha bazaviy toʻlov-kontrakt qiymati miqdorlariga nisbatan 2 barobar miqdorida belgilandi.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati