Davlatimiz rahbarining 15-sentyabr kuni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirida, shuningdek, Namangan viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishidagi belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda Oliy ta’lim muassasalari va umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Namangan davlat universitetida uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev, Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Isakov, universitetning soha prorektorlari, bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari, shuningdek, Namangan shahar, Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev yurtimizda so‘nggi yillarda ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlarni alohida ta’kidladi. Shuningdek, Namangan davlat universitetidagi mavjud yo‘nalishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim sifati va ilmiy-tadqiqot salohiyatini yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuvda maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish, o‘quvchilarni oliy ta’limga qamrovini kengaytirish, ularning ilmga va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirish borasidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Isakov joriy o‘quv yili yakunlari bo‘yicha viloyat maktablarining bitiruvchi o‘quvchilarining davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul ko‘rsatkichlarini tahliliy ma’lumotlarini taqdim etdi. Shuningdek, hamkorlikni kuchaytirish o‘quvchilarning ilm olishga, kasb-hunar egallashga bo‘lgan qiziqishi va intilishini yanada oshirishini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida maktab direktorlarining bir qator taklif va savollari tinglandi, ularni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul shaxslar belgilandi.