Namangan davlat universitetining yangi foydalanishga topshirilgan “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyatimizdagi OTMlarda tahsil olayotgan talabalarning 400 nafar vakili ishtirok etdi. Shuningdek, oliygohlar rektorlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari qatnashdilar.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov dastlab muhtaram Prezidentimizning kuni kecha AQSHda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqi, yurtboshimiz boshchiliklarida mamlakatimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar samarasi haqida batafsil to‘xtaldi.
Ta’kidlash joiz, 2017-yilda Namangan viloyatida bor-yo‘g‘i 3 ta oliy o‘quv yurtida jami 11 ming nafar talaba o‘qigan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, oliy o‘quv yurtlari soni 9 taga yetdi. Talabalar soni esa 8,5 barobarga oshib, ayni vaqtda 89 ming nafarni tashkil etmoqda. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 5 foizdan 42,4 foizga ko‘tarildi.
“Hokim va talabalar” uchrashuvida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yoshlarning bugungi izlanishlari, ularni o‘ylantirayotgan masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqotda 30 nafardan ortiq talabalar taklif va mulohazalarini ilgari surib, yangi ishlanmalari, ixtirolari bilan viloyat rahbarini tanishtirdilar. Shuningdek, ta’lim jarayoni bilan bog‘liq ayrim muammolar bo‘yicha murojaat qildilar.
Viloyat hokimi ularning har birini e’tibor bilan tinglab, izlanuvchan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, muammolarni hal etish bo‘yicha shu joyning o‘zida mutasaddi idoralar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berdi.
Samimiy va qizg‘in o‘tgan uchrashuv talabalar uchun taassurotlarga boy bo‘ldi.
Viloyat hokimi Namangan davlat universiteti faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati