Namangan davlat universiteti rektori Kosonsoy tumanidagi maktab direktorlari bilan uchrashuv oʻtkazdi

Davlatimiz rahbarining 15-sentyabr kuni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirida, shuningdek, Namangan viloyatiga tashrifi davomida  viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishidagi belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda Oliy ta’lim muassasalari va umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Namangan davlat universiteti rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyev Kosonsoy tumanidagi maktab direktorlari bilan uchrashuv oʻtkazdi. 

Mazkur uchrashuvda universitet birinchi prorektori Islomjon Odilov, Kosonsoy tumani maktabgacha va maktab ta’limi boʻlimi boshlig‘i Sohibjon Ergashev, universitetning bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari, shuningdek, Kosonsoy tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev yurtimizda so‘nggi yillarda ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlarni alohida ta’kidladi. Shuningdek, Namangan davlat universitetidagi mavjud yo‘nalishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim sifati va ilmiy-tadqiqot salohiyatini yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuvda maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish, o‘quvchilarni oliy ta’limga qamrovini kengaytirish, ularning ilmga va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirish borasidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida maktab direktorlarining bir qator taklif va savollari tinglandi, ularni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul shaxslar belgilandi.

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image