Davlatimiz rahbarining 15-sentyabr kuni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirida, shuningdek, Namangan viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, oliy ta’lim muassasalari va umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Uchqo‘rg‘on tumanidagi maktab direktorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvda universitet birinchi prorektori Islomjon Odilov, Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Xayotbek Kadirov, Uchqo‘rg‘on tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Abdumalik Qoʻziyev, universitetning bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari hamda tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlarining ishtiroki bilan mazmunli muloqot tashkil etildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Yurtboshimiz tomonidan so‘nggi yillarda ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor, pedagoglar mehnatini qadrlash, zamonaviy ta’lim infratuzilmasini yaratish va yosh avlodni ilmli, vatanparvar qilib tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuvda “Bilimsiz jamiyat rivojlanmaydi. Millat taqdiri bugun qanday bilim va tarbiya berishimizga bog‘liq” degan chuqur ma’noli fikr asosida maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, o‘quvchilarning oliy ta’limga qamrovini kengaytirish, ularni ilm-fan va kasb-hunarga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida maktab direktorlarining taklif va mulohazalari tinglanib, ularni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul shaxslar belgilandi.