Namangan davlat universiteti rektori Norin tumanidagi maktab direktorlari bilan uchrashuv oʻtkazdi

Davlatimiz rahbarining 15-sentyabr kuni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirida, shuningdek, Namangan viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ilgari surilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda oliy ta’lim muassasalari va umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida uzviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Norin tumanidagi maktab direktorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur uchrashuvda universitet birinchi prorektori Islomjon Odilov, Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Xayotbek Kadirov, Norin tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i oʻrinbosari Gulnora Davronova, universitetning bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari hamda tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida Yurtboshimizning Norin tumaniga bo‘lgan tashrifi va bu hududga qaratilayotgan alohida e’tibor, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarga yo‘naltirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda tumanda faoliyat yuritayotgan 44 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim jarayonini sifat jihatidan yaxshilash, mavjud bo‘sh vakant o‘rinlarga universitetning yuqori bosqich talabalarini ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi.

Shuningdek, o‘quvchilarni oliy ta’limga tayyorlash, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, universitet professor-o‘qituvchilarining maktablarda mahorat darslarini o‘tkazish va o‘zaro tajriba almashish kabi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.

Tadbir yakunida maktab direktorlarining taklif va mulohazalari tinglanib, ularni amalda qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul shaxslar belgilandi.

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image