Namangan davlat universiteti rektori Namangan tumanidagi maktab direktorlari bilan uchrashuv oʻtkazdi

Davlatimiz rahbarining 15-sentyabr kuni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirida, shuningdek, Namangan viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ilgari surilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda ta’lim tizimida uzviylikni kuchaytirish maqsadida Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Namangan tumanidagi maktab direktorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbir Namangan tumanidagi 5-sonli musiqa va san’at maktabi faollar zalida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda universitet birinchi prorektori Islomjon Odilov, Namangan tumani hokimining o‘rinbosari Omonjon Saidazimov, tumanning maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Elbek Ermirzayev, universitetning bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari hamda tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlarining ishtirokida ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Namangan tumanida bugungi kunda 37 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyat yuritmoqda. Tumandagi 22 nafar o‘qituvchi 25 million so‘mdan ortiq maosh olmoqda. Bu natijalar ta’lim sohasiga berilayotgan e’tiborning amaliy ifodasidir.

Uchrashuv davomida maktablarda bo‘sh vakant o‘rinlarga universitetning yuqori bosqich talabalari va bitiruvchilarini jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, o‘quvchilarda ilm-fan va kasb-hunarga qiziqishni oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, maktab va universitet o‘rtasida tajriba almashish tizimini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tuman hokimi o‘rinbosari Omonjon Saidazimov uchrashuvda so‘zga chiqib, maktab va universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, ta’lim tizimiga e’tiborni oshirish, shuningdek, chekka hududlardagi maktablarda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tuman maktablari rahbarlarining bir qator taklif va mulohazalari tinglandi. Ularni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul shaxslar belgilandi. Tadbir ochiq, samimiy ruhda o‘tib, ta’lim tizimidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi dolzarb masalalarni o‘z ichiga oldi.

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image