Namangan davlat universiteti rektori Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi maktab direktorlari bilan uchrashuv oʻtkazdi

Davlatimiz rahbarining “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirida, shuningdek, Namangan viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlarni amalga oshirish maqsadida, Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev To‘raqo‘rg‘on tumanidagi maktab direktorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbir To‘raqo‘rg‘on tuman Barkamol avlod bolalar maktabida bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rahbariyati, To‘raqo‘rg‘on tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Mirzaakbarov, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari, ta’lim sohasi mutasaddilari va maktab direktorlar ishtirok etdilar.

Tadbir davomida Yurtboshimizning Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ta’lim tizimiga qaratilgan alohida e’tibor, o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini qadrlash masalalari haqida so‘z yuritildi. Shu o‘rinda, Prezident tomonidan To‘raqo‘rg‘on tumanidagi o‘qituvchi Nodira Nabiyevaga sovg‘a topshirilgani, ta’lim fidoyilariga bo‘lgan yuksak e’tirof sifatida qayd etildi.

Uchrashuvda maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, o‘quvchilarni oliy ta’limga qamrovini oshirish, yoshlarni ilm va kasb-hunarga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Rektor Abdug‘affor Qirg‘izboyev universitetda olib borilayotgan islohotlar, ilmiy-tadqiqot salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlar hamda bu tajribalarni umumiy o‘rta ta’lim tizimiga tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuv davomida maktab rahbarlarining taklif va mulohazalari tinglanib, hamkorlikni yanada kuchaytirish, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida ilmga, kitobxonlikka va vatanparvarlikka targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish masalalarida kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv samimiy va amaliy ruhda o‘tib, ta’lim tizimidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi dolzarb g‘oyalarni o‘zida mujassam etdi.

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image