Davlatimiz rahbarining “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirida, shuningdek, Namangan viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, ta’lim tizimida islohotlarni samarali amalga oshirish va oliy ta’lim muassasalari bilan umumta’lim maktablari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Chust tumanidagi maktab direktorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda universitet rahbariyati, Chust tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Bahodir Satimov, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari, ta’lim sohasi mas’ullari hamda maktab direktorlar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Yurtboshimizning Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ta’lim sohasiga qaratilgan alohida e’tibor, o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini qadrlash, ta’lim tizimida ilg‘or tajribalarni tatbiq etish masalalari haqida so‘z yuritildi.
Chust tumani o‘zining boy tarixi, madaniy an’analari va ziyolilarga boy muhiti bilan ajralib turadi. Bu tuman yurtimiz miqyosida faoliyat yuritayotgan ko‘plab yetuk kadrlar, ilm-fan, ta’lim va boshqaruv sohalaridagi mutaxassislarni yetishtirib bergani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘quvchilarni oliy ta’limga qamrovini oshirish, yoshlarni ilm, kasb-hunar va ma’naviyatga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, tadbirda oliy ma’lumotli kadrlarni pedagogik va kasbiy qayta tayyorlash markazining faoliyati haqida ham so‘z yuritilib, bu yo‘nalishdagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tuman bo‘ylab faoliyat yuritayotgan maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, zamonaviy o‘quv-uslubiy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida maktab direktorlarining taklif va mulohazalari tinglanib, ularni amaliy qo‘llab-quvvatlash choralarini belgilab olishga kelishib olindi.