Namangan davlat universiteti rektori Pop tumanidagi maktab direktorlari bilan uchrashuv oʻtkazdi

Davlatimiz rahbarining “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirida, shuningdek, Namangan viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida ilgari surilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, ta’lim tizimida hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Pop tumanidagi maktab direktorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbir Pop tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi yig‘ilish zalida bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rahbariyati, Pop tumani MMTB boshlig‘i Jahongir Jo‘rayev, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari hamda ta’lim sohasi mutasaddilari ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida Yurtboshimizning Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ilgari surilgan g‘oyalar — ta’lim tizimini rivojlantirish, o‘qituvchi va murabbiylarning mehnatini qadrlash, yosh avlodni zamonaviy bilim va tarbiya bilan qurollantirish masalalari haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘quvchilarni oliy ta’limga qamrovini oshirish, ularni ilm, texnologiya va kasb-hunarga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ta’lim sifatini oshirishda ilg‘or tajriba almashish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yuksaltirish, fan to‘garaklari faoliyatini jonlantirish kabi masalalar bo‘yicha takliflar bildirildi.

Pop tumani ta’lim tizimi vakillari tomonidan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, chekka hududlardagi maktablarda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazish hamda iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi.

Uchrashuv yakunida maktab rahbarlarining taklif va mulohazalari tinglanib, ularni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ullar belgilandi. Tadbir ochiq va samimiy ruhda o‘tib, Pop tumanida ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image