Namangan davlat universitetida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) Namangan viloyat Kengashi bilan hamkorlikda “Yosh kadrlar” loyihasining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda universitet birinchi prorektori Islomjon Odilov, Iqtisodiyot fakulteti dekani Bahromjon Urinov, O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi mas’ul xodimlari, shuningdek, Iqtisodiyot va Yuridik fakulteti talabalari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni davlat va jamiyat boshqaruvi tizimiga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini ta’kidladilar.
Tadbir davomida O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi vakillari partiyaning “Yosh kadrlar” loyihasi mazmun-mohiyati, uning yoshlar uchun yaratayotgan imkoniyatlari hamda loyiha doirasida amalga oshirilayotgan dasturlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Mazkur loyiha yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini ta’minlash, shuningdek, davlat boshqaruvi tizimi uchun malakali, tashabbuskor va vatanparvar kadrlarni tayyorlashni maqsad qilgan.
Shuningdek, uchrashuv jarayonida talabalar partiya faoliyati, yoshlar siyosati, yetakchilik fazilatlari hamda kasbiy o‘sish imkoniyatlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, mutasaddilardan batafsil javob oldilar.