2025-yil 10-oktabr kuni Namangan davlat universitetida yoshlarni ilm-fan sari ilhomlantirish, xalqaro tajriba almashish va zamonaviy fan yutuqlaridan xabardor etish maqsadida “Bo‘lajak olimlar” xalqaro loyihasi doirasida yirik ilmiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur loyiha Namangan davlat universiteti hamda A.S. Pushkin nomidagi Rossiya Davlat rus tili universiteti o‘rtasidagi hamkorlik asosida tashkil etildi.
Tadbirda Rossiyaning yetakchi ilmiy markazlaridan tashrif buyurgan 14 nafar o‘z sohasining yetuk olimlari ishtirok etdi. Uchrashuvda 1000 dan ortiq yoshlar, jumladan Namangan davlat universitetining turli fakultet talabalari va o‘qituvchilari qatnashdilar.
Tadbirni universitetning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori D. Dехqonov hamda A.S. Pushkin nomidagi Rossiya Davlat rus tili universiteti birinchi prorektori E.N. Pavlicheva ochib berishdi. Ular so‘zga chiqib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etayotganini, bu kabi tashabbuslar yoshlar orasida ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqishni oshirishini ta’kidlab o‘tishdi.
Tadbirning asosiy qismida rossiyalik olimlar universitetning tegishli fakultetlarida fizika, matematika, axborot texnologiyalari, kimyo, tibbiyot va fiziologiya, biotexnologiya, iqtisodiyot hamda filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy ilm-fan yutuqlari, global muammolar va ularning yechimiga doir taqdimotlar bilan chiqish qildilar.
Ma’ruzalar davomida talabalar hamda fakultetlarning professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan ilmiy savollar bilan murojaat qildilar, o‘zaro tajriba va fikr almashdilar. Taqdimot yakunida rossiyalik hamkorlar tomonidan faol ishtirokchi talabalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.