O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2024-yil 22-iyuldagi 03-1370-sonli topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan davlat universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasidagi navbatdagi ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston adabiyotining zabardast vakillari — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Tohir Qahhor, filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqul hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Amir Xudoyberdi universitetga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Islomjon Odilov samimiy kutib olib, universitetda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar hamda talabalarni ilm-fan va ijodga yo‘naltirish borasidagi ishlar bilan tanishtirdi.
Tashrif davomida mehmonlar universitet hududida barpo etilgan ekobog‘ni ko‘zdan kechirdilar. Ushbu maskan yoshlar ongida tabiatga mehr, ekologik madaniyat va yashil muhitni kengaytirish g‘oyalarini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Ijodkorlar ramziy ma’noga ega bo‘lgan nihol — archalarni ekobog‘ hududiga ekib, “Yashil makon” tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.