Namangan davlat universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida adabiyot va ma’naviyat kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Adabiy uchrashuvni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Islomjon Odilov ochib, “Ma’rifat ulashib” loyihasining yoshlar ongini boyitish, ularni kitob o‘qishga jalb etish va milliy adabiyotimizga bo‘lgan hurmatni mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidladi.
So‘ngra sahnaga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Tohir Qahhor, filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqul hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Amir Xudoyberdi taklif etildi.
Ijodkorlar talaba-yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazib, o‘z hayot yo‘li va ijodiy izlanishlari, adabiyotning inson qalbiga ta’siri, kitobxonlikning ma’naviy hayotdagi o‘rni haqida so‘z yuritdilar.
Tadbir davomida mehmonlar o‘z asarlaridan namunalar o‘qib eshittirdilar, talabalar esa ularga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Uchrashuv yakunida universitet rahbariyati tomonidan mehmon ijodkorlarga minnatdorlik izhor etilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.