Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i bilan, oliy taʼlim tizimida kasaba uyushmasi faoliyatini samarali tashkil etish, xodimlarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish, ular uchun yaratilayotgan sharoitlarni yaxshilash, sog‘lom va barqaror mehnat muhitini rivojlantirish, jamoa o‘rtasida hamjihatlik, faollik hamda masʼuliyatni oshirish borasidagi fidokorona mehnatlari uchun universitet Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Begmatov Shermuhammad Turg‘unboyevich «Oliy ta’lim a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shermuhammad Turg‘unboyevich o‘zining professional yondashuvi, namunali mehnat faoliyati, universitet miqyosida tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sog‘lomlashtirish loyihalari hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirayotgan izchil ishlari bilan jamoatchilik hurmatini qozonib kelmoqda.
Uning tashabbuslari natijasida xodimlar o‘rtasida ijtimoiy faollik ortib, mehnat muhofazasi va xavfsizlik madaniyatini rivojlantirish, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarini kengaytirish, kasbiy malakani oshirish bo‘yicha bir qator samarali loyihalar hayotga tatbiq etildi. Kasaba uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini joriy etish, xodimlar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish yo‘nalishida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Namangan davlat universiteti jamoasi nomidan Begmatov Shermuhammad Turg‘unboyevichni ushbu sharafli mukofot bilan chin yurakdan tabriklaymiz hamda kelgusi faoliyatlarida sihat-salomatlik, kuch-quvvat va ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.