Yangi O‘zbekistonda tibbiy islohotlar: xalq salomatligi yo‘lida

Xalqimiz hayotida sog‘lik — eng ulug‘ ne’matdir. Shu bois tibbiyot sohasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan mamlakatimizda bu soha rivojiga qaratilgan islohotlar, erishilgan yutuqlar va kelgusi maqsadlarni tahlil etish ayni vaqtda juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini amalda ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatida aholi salomatligini mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.

Bu haqda so‘z yuritganda, keyingi yillarda davlat byudjetidan tibbiyot sohasi uchun yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hajmi 6 karra oshirilgani, sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati tubdan yaxshilanganini ta’kidlash lozim. Tibbiy xizmatlar aholiga yanada yaqinlashtirilib, sifatli tibbiy xizmatlar mahallagacha tushirilmoqda. Eng muhimi, bunday o‘zgarishlar natijasini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida his etmoqda. Masalan, ilgari faqat poytaxtda ko‘rsatilgan 400 dan ziyod yuqori texnologik tibbiy xizmatlar hozirgi vaqtda viloyat va tumanlarning o‘zida ham amalga oshirilmoqda.

Tibbiyotdagi islohotlar natijasida, yurtimizda 2017-yildan buyon onalar o‘limi ko‘rsatkichi 21 promilledan 11 promillega, go‘daklar o‘limi esa 11,5 promilledan 7,8 promillega kamaydi.

Mamlakatimizdagi raqamlashtirish jarayonlari tibbiyot sohasiga ham kirib kelib, bu  yil birinchi marta davlat tibbiyot muassasalariga robot texnologiyalari joriy etildi. O‘tayotgan yilda tibbiyotni raqamlashtirish ishlari butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi.

Sohada DMED yagona elektron axborot platformasi ishga tushirilib, unga 36 million nafardan ziyod aholining tibbiy ma’lumotlari kiritildi. Vazirlik tizimida "Raqamli sog‘liqni saqlash" markazi ochildi.

Sun’iy intellekt asosida bajarilayotgan tibbiy tekshiruv va muolajaning turlari 43 taga yetdi.

Tez tibbiy yordam xizmatida chaqiriqlarni elektron boshqarish tizimi o‘rnatilgani ham muhim yangilik bo‘ldi. Davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Tibbiyot sohasida xususiy sektor ulushi ortib bormoqda. O‘tgan sakkiz yilda yurtimizda xususiy klinikalarning soni 3,5 mingtadan 9 mingtaga, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari esa 50 tadan qariyb 130 taga yetgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Mamlakatimiz farmatsevtika bozorida milliy mahsulotlarning hajmi ko‘payib, 2017 yildan buyon ishlab chiqarish 1,4 trillion so‘mdan 6,3 trillion so‘mga, eksport miqdori esa 6,3 million dollardan 250 million dollarga o‘sdi.

Soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida mavjud uchta oliy o‘quv yurti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti nufuzli xalqaro "Times Higher Edusation" (THE) reytingidan joy oldi. Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining soni 8 tani tashkil etmoqda. Bu yil 300 nafarga yaqin mutaxassislarimiz o‘nlab rivojlangan xorijiy mamlakatlarda o‘z bilim va malakasini oshirib keldi.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 18-19-fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida bergan tavsiyasi va Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasining 10-son bayoni 105-bandi 4- va 5-xatboshida keltirilgan Namangan viloyatida Tibbiyot fakultetini tashkil etish bo‘yicha qarori hamda O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunini hayotga tatbiq etish maqsadida 2021-yil 2-sentyabrdan Namangan davlat universiteti Tibbiyot fakulteti tashkil etilgan. Namangan davlat universiteti Tibbiyot fakultetida hozirgi kunda bakalavriat bo‘yicha 3 ta ta’lim yo‘nalishlari Davolash ishi, Pediatriya, Farmatsiya ta’lim yo‘nalishlarida 1200 dan ortiq talabalar tahsil olmoqda.

Tibbiyot fakulteti Namangan viloyat Endokrinologiya dispanseri, Namangan viloyat Patologik anatomiya byurosi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon va Namangan filiali, Namangan viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Namangan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari va tuman tibbiyot birlashmalari, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi, “LOR-ENT” klinikasi,  “ANAMED” klinikasi, “NERVEKS” klinikasi,  “LOR AKADEMIYA” klinikasi, Andijon viloyati Xolis davolash diagnostika markazlari va respublikaning boshqa tibbiyot muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirib kelmoqdalar.

O‘zbekistonda tibbiyot tizimini takomillashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar — inson qadrini ulug‘lash, uning hayoti va salomatligini davlat siyosati markaziga qo‘yishning amaliy ifodasidir.

Kelgusida tibbiyotni yanada rivojlantirish, jahon tajribasini keng joriy etish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va sog‘lom turmush tarzini hayot me’yoriga aylantirish mamlakatimiz fuqarolarining salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Sog‘lom xalq — yurt taraqqiyotining poydevori, tibbiyot xodimi esa bu taraqqiyotning eng muhim quvvatidir.

Nodirbek KODIROV

Tibbiyot fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image